Foreign Affairs'ning iyul-avgust sonida bir maqola chiqdi. Muqovasidagi rasmga uzoq tikilib qoldim: kosmosdan tushgan qora qo'l globusga nimadir uzun bir nayza sanchayotir, ufqda quyosh botmoqda. Rassom bir suratga butun maqolaning ma'nosini sig'dirgan ekan. Kimdir yana yer yuzini bo'lishga, belgilab olishga, "bu yer meniki" deyishga shaylanyapti.

Maqola mualliflari — Maykl Bekli va Hal Brends. Birinchisi Tafts universitetida siyosatshunos, ikkinchisi Kissinger nomidagi kafedra professori va "Yevroosiyo asri" kitobining muallifi. Ya'ni bu mavzu bo'yicha tasodifiy odamlar emas. Va ular bizga juda tanish, ammo allaqachon eskirgan deb hisoblanadigan ikki tushuncha Heartland va Rimlandni qaytarib, bugungi dunyoni o'sha eski mantiq orqali o'qishni taklif qiladi. Eng qizig'i shundaki, ramka eskirmagan ekan. Faqat undagi qurollar o'zgargan.

Quyida uni qismma-qism ochib beraman — kim Heartland, kim Rimland, nega biri "kuchli, ammo ojiz", ikkinchisi "qudratli, ammo parchalangan" deyiladi va eng muhimi, bularning hammasi bizga, Markaziy Osiyoda yashayotganlarga, qanday daxli bor.

Avval ikki so'z: Heartland va Rimland nima o'zi

1904-yil. Halford Makkinder degan ingliz geografi Londonda turib bir g'oyani aytadi. Uning fikricha, dunyo siyosatining markazida bitta ulkan hudud yotadi — Yevroosiyoning ichki qismi, dengizdan uzoq, kemalar yeta olmaydigan keng tekisliklar. U buni "yer yuragi" — Heartland deb ataydi. Makkinderning mantig'i sodda edi: tarix bo'yi dengiz kuchlari (Britaniya kabi) dunyoni boshqarib kelgan, chunki suv arzon va tez yo'l edi. Ammo temir yo'l ixtiro qilingach, quruqlikning ichkarisi ham harakatga keladi. Kim shu ulkan ichki maydon Heartlandni egallasa, oxir-oqibat butun "Jahon orolini", ya'ni Yevroosiyo va Afrikani, undan keyin esa dunyoni nazorat qiladi.

Oradan qirq yil o'tib, Ikkinchi jahon urushi qoq o'rtasida, amerikalik siyosatshunos Nikolas Spaykman Makkinderga e'tiroz bildiradi. "Yo'q, — deydi u, — asosiy maydon markaz emas, balki uning chetidagi qirg'oq halqasi." Yevroosiyoning sohil bo'yi, ya`ni Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyo eng zich aholili, eng boy, eng rivojlangan zona. Spaykman buni Rimland deb ataydi va Makkinderning mashhur shiorini ag'darib tashlaydi: kim Rimlandni nazorat qilsa, o'sha Yevroosiyoni boshqaradi, kim Yevroosiyoni boshqarsa, dunyo taqdirini hal qiladi.

Mana shu ikki g'oya XX asr geosiyosatining suyagiga aylandi. Sovuq urush, aslida, aynan shu mantiqning sof ko'rinishi edi: quruqlik ulkani Sovet Ittifoqi markazni egallab turardi, AQSh esa okean orqali Rimlandni — G'arbiy Yevropa, Sharqiy Osiyo, keyinroq Yaqin Sharqni — ushlab, Moskvani ichkariga qamab qo'ydi. Va yutdi.

Bekli va Brends aytmoqchiki: o'sha o'yin qaytdi. Faqat o'yinchilar va qurollar boshqacha.

Xarita 1. Heartland (qizil), Rimland yadrosi (ko‘k) va “ilgak” davlatlar (tilla). Asosiy dengiz bo‘g‘ozlari belgilangan.

Bugungi Heartland: kuchli, ammo ojiz

Bugun Heartland o'rnida kim turibdi? Mualliflarga ko'ra, Xitoy, Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya. Ular atrofida Belarus, Myanma, Kuba, Kambodja kabi mayda hamkorlar. Bularning hammasini birlashtirgan narsa — G'arbga, liberal tartibga, Amerika qudratiga bo'lgan nafrat.

Lekin shu yerda maqolaning eng nozik fikri bor va men buni alohida ta'kidlamoqchiman. Bu blok Sovet Ittifoqi emas. Sovetlarda yagona mafkura, yagona markaz, yagona buyruq bor edi. Bugun esa to'rt xil dunyo bir-biriga vaqtincha yelka tutib turibdi: Pekindagi kommunistik partiya-davlat, Moskvadagi avtoritar rejim, Pxenyandagi oilaviy diktatura, Tehrondagi diniy hukumat. Bularning mafkurasi bir-biriga to'g'ri kelmaydi. Ularni bog'lab turgan narsa — g'oya emas, manfaat. Bekli va Brends buni juda aniq ataydi: bu ittifoq emas, sindikat. Jinoiy guruhlar kabi, umumiy dushman bor ekan birga, dushman yo'qolsa — har kim o'z yo'lida.

Buni amalda ko'rsa bo'ladi. Eron urushi paytida Xitoy ham, Rossiya ham Tehronga razvedka va texnologiya bilan yordam berdi, ammo o'zini olovga tashlamadi. Yanvarda amerikalik kommandolar Venesuela rahbari Maduroni qo'lga olganda, Pekin ham, Moskva ham faqat "afsus" bildirish bilan cheklandi. Bular bir-biri uchun jonini beradigan ittifoqchilar emas. Bular savdo sheriklari.

Ana shu yerdan "ojiz" so'zi keladi. Bu blok eski Heartland kuchlari — Napoleon, Gitler qilgan ishni qila olmaydi. Yevroosiyoni bosib o'tolmaydi. Rossiya uch yildan beri Ukrainaning sharqida toshbaqadek o'rmalamoqda. Xitoy Tayvanni ololmayapti, chunki ortida Amerika turibdi. Iqtisodiy jihatdan ham bu blok kuchsiz: hammasini qo'shganda dunyo yalpi ichki mahsulotining atigi yigirma foizini tashkil qiladi.

Unda nega ulardan qo'rqamiz? Chunki ular eski qurollar bilan emas, yangi qurollar bilan urishadi.

Mana shu maqolaning markaziy fikri. Bugungi Heartland bosib olmaydi — u buzadi. Kiberhujum bilan dushmanning suv tarmog'ini, neft quvurini ishdan chiqaradi. Yadroviy raketa bilan har qanday aralashuvning narxini ko'taradi. Noyob yer elementlari ustidan nazorat bilan butun sanoatni bo'g'adi (Xitoy dunyodagi noyob metallarning oltmish foizini qazib, sakson foizdan ortig'ini qayta ishlaydi). Ya'ni bu kuch yer egallamaydi, lekin dushmanning tomirlarini ushlab turadi. Tank kolonnasi bilan emas, kabel va shartnoma bilan kengayadi.

Bekli va Brendsning "fierce and feeble" — "shafqatsiz va ojiz" iborasi shuning uchun. Ojizligi — uzoq muddatli kurashda. Shafqatsizligi — qisqa muddatli inqirozda. Bu xavfli kombinatsiya: g'alaba qila olmaydigan, ammo katta ziyon yetkaza oladigan raqib har doim eng beqaror raqib bo'ladi.

Xitoyning uch jabhasi

Maqolada eng kuchli qism — Xitoy haqida. Mualliflar ajoyib bir kuzatuvni keltiradi. Makkinder 1904-yilda barqaror Xitoy bir kun kelib "dunyo erkinligiga" tahdid solishi mumkinligini aytgan edi. Spaykman 1942-yilda "zamonaviylashgan, harbiylashgan Xitoy" Tinch okeanini egallashi mumkinligidan ogohlantirgandi. Ularning ikkalasi ham Yevroosiyo gigantining ikki tomonga — quruqlik va dengizga — kengayishidan qo'rqardi. Ammo, deydi Bekli va Brends, ular Xitoyning uchinchi tomonga kengayishini tasavvur ham qila olmadi.

Birinchi jabha — quruqlik. "Bir kamar, bir yo'l" loyihasi. Xitoy bir trillion dollardan ortiq mablag'ni, asosan qarz tarzida, Yevroosiyo bo'ylab infratuzilmaga sarfladi. Tailanddan Gretsiyagacha cho'zilgan portlar zanjiri ertaga harbiy bazaga aylanishi mumkin. Bu — eski Makkinder mantig'i: qit'ani yo'l, qaramlik va qarz bilan bog'lab olish.

Ikkinchi jabha — dengiz. Xitoy o'nlab yil davomida Amerika kemalarini Tinch okeanidan uzoqda ushlab turish uchun raketalar, suvosti kemalari, havo mudofaasi "flotga qarshi flot" qurdi. Endi esa hujum flotiga o'tdi: bir nechta aviatashuvchi, dunyodagi eng katta harbiy-dengiz floti (kemalar soni bo'yicha), butun dunyodan ko'proq kema ishlab chiqaradigan zavodlar.

Uchinchi jabha — bulut. Mana shu — yangilik. XXI asrda ta'sir nafaqat hududni, balki raqamli tarmoqlarni boshqarishdan keladi. Xitoyning kuzatuv texnikasi har bir qit'ada ishlaydi. Alipay va WeChat Pay dunyoning o'nlab davlatlarida to'lovlarni boshqaradi. Huawei sanksiyalarga qaramay 5G va 6G poygasida oldinda. DeepSeek va Qwen kabi sun'iy intellekt modellari rivojlanayotgan davlatlarda keng tarqalmoqda. Buning ostida esa — yarimo'tkazgichlardan noyob metallargacha bo'lgan materiallar ustidan nazorat.

Mana shu uch jabha — Heartlandning eski quruqlik orzusini Xitoyning yangi raqamli imperiyasi bilan bog'laydigan narsa. Va aynan shu bizning davrimizni Makkinder va Spaykman davridan ajratib turadi.

Rimland: qudratli, ammo parchalangan

Endi ikkinchi tomonga o'taylik. Agar Heartland "kuchli, ammo ojiz" bo'lsa, Rimland aksincha — qudratli, ammo parchalangan.

Mualliflar bu yerda raqamlar bilan ishonchli javob beradi va men bu qismni ayniqsa yoqtirdim, chunki u G'arbda urchib ketgan "biz mag'lub bo'lyapmiz" kayfiyatiga sovuq suv sepadi.

Shimoliy Amerika, yevrozona va Hind-Tinch okeani demokratiyalari (Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvan) birgalikda dunyo YaIMining qariyb yarmini ishlab chiqaradi. Heartland — yigirma foizini, u ham bo'rttirilgan bo'lsa kerak (sun'iy yo'ldoshdan tungi yorug'likni o'lchagan tadqiqotlar avtoritar davlatlar o'sishini taxminan o'ttiz besh foiz oshirib ko'rsatishini aniqlagan). Dunyo savdosining yarmidan ko'pi Rimland ichida kechadi. Heartland eksportining uchdan ikki qismi Rimland bozoriga bog'liq, Rimland eksportining esa atigi oltidan biri Heartlandga.

Lekin eng hal qiluvchi raqam — ilg'or sanoatda. Ilg'or texnologiyalardan tushadigan global korporativ foydaning sakson besh foizi AQSh va uning ittifoqchilari qo'lida. Xitoyning ulushi — olti foiz. Aviatsiyada G'arb 99 foizni, yarimo'tkazgichlarda 96 foizni, dasturiy ta'minotda 85 foizni oladi. Xitoy butun dunyo mahsulotining uchdan birini ishlab chiqaradi. Ha, lekin bu o'rta darajadagi mahsulot. O'ziga kerak chiplarning beshdan biridan kamini ishlab chiqaradi. Hatto eng yaxshi sun'iy intellekt modellari ham G'arbda yaratilgan ochiq arxitekturalarga tayanadi. Mualliflarning achchiq xulosasi: Xitoy — Rimland chizgan texnologik chegara ichida ishlayotgan o'rta darajali ulkan zavod.

Demak, kuch tarozisi aniq Rimland tomonda. Unda muammo nimada?

Muammo — birlikda. Rimlandning eng katta kuchi uning xilma-xilligi, ayni paytda eng katta zaifligi. Bu blok kichik bir global iqtisodiyotga o'xshaydi: ichida har xil davlat, har xil qo'rquv, har xil manfaat. Hindiston Himolaydagi Xitoy bosimidan, Yaponiya dengizdagi tajovuzdan, Yevropa rus raketalaridan qo'rqadi. Har kimning o'z tashvishi bor. Heartlandda esa bitta sodda maqsad: G'arb tartibini zaiflashtirish.

Bunga demokratiyaning ichki tabiati ham qo'shiladi. Saylovchi arzon energiya va arzon tovar istaydi. Eksportchi Xitoy bilan savdo qilishni xohlaydi. Shuning uchun siyosatchiga Pekinga qarshi qattiq turish qiyin. Va eng achchiq haqiqat — AQShning o'zi ishonchsiz sherikka aylangan. Trump ittifoqchilardan ko'proq pul talab qiladi, bu to'g'ri, lekin ayni paytda Yevroosiyodan chiqib ketishni orzu qiladi, bu xato. Sovuq urushda yadroviy, mafkuraviy Sovet xavfi Rimlandni majburan birlashtirib turardi. Bugun bunday yagona, ekzistensial qo'rquv yo'q. Qo'rquv yo'qolganda intizom ham yo'qoladi.

Mana shu — maqolaning eng muhim ogohlantirishi. Rimlandga Heartland kuchi tahdid solmayapti. Unga o'z parokandaligi tahdid solyapti.

Grafik 1. Iqtisodiy va texnologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha kuch muvozanati: Rimland vs Heartland.

"Ilgak davlatlar" va biz

Endi men maqolaning bir tafsilotiga to'xtalmoqchiman, chunki u to'g'ridan-to'g'ri bizga tegishli.

Bekli va Brends ikki guruh davlat haqida gapiradi. Birinchisi — "ilgak davlatlar" (hinge states): strategik jihatdan zarur, ammo sodiqligi shubhali bo'lganlar. Hindiston ham Vashington, ham Moskva bilan do'st. Saudiya AQSh bilan mudofaa shartnomasi imzolaydi, lekin Huaweini raqamli tarmog'idan chiqarmaydi. Bular ikki tomon o'rtasida muvozanat saqlab, ikkalasidan ham foyda olib turadi.

Ikkinchi guruh — "global janub": Afrika, Lotin Amerikasi, Janubiy Osiyo. Mualliflar bu davlatlarni o'ziga og'dirib olishga urinishni ortiqcha deb hisoblaydi. Ularning maslahati bu mintaqalardan koalitsiyaga faqat aniq narsalar noyob metallar, energiya, ishchi kuchi kerak. G'oya emas, manfaat. Sodiqlik emas, bitim.

Va mana shu yerda men, Markaziy Osiyo o'quvchisi sifatida, bir narsani sezdim. Maqolada Heartlandning hamkorlari sanab o'tilganda, "Markaziy Osiyo respublikalari" ham o'sha yigirma foizlik, kuchsiz, qaram blokning bir qismi sifatida tilga olinadi. Ya'ni biz, Vashingtondagi tahlilchining xaritasida, Heartland tomonida, Xitoy va Rossiyaning soyasida turibmiz.

Bu menga g'alati ta'sir qildi. Bir tomondan geografiya shuni aytadi: biz haqiqatan ham qit'aning yuragida, dengizdan eng uzoq nuqtada, ikki ulkan quruqlik kuchi orasida yashaymiz. Makkinderning xaritasida bizning yerimiz aynan "yer yuragi"ning markazi. Buni inkor qilib bo'lmaydi.

Ammo ikkinchi tomondan bu xarita bizning tanlovimizni emas, faqat joylashuvimizni ko'rsatadi. Geografiya taqdir, deganda men hech qachon "geografiya hukm, undan qutulib bo'lmaydi" demaganman. Geografiya — bu qaysi kartalar qo'limizda ekanini belgilaydi, lekin o'yinni qanday o'ynashni emas. Bekli va Brendsning butun maqolasi ham, aslida, shu haqida: bir tomonda Heartland o'zining noqulay kartalarini (parchalangan ittifoq, zaif iqtisodiyot) shafqatsizlik bilan o'ynayapti, ikkinchi tomonda Rimland zo'r kartalarini (yarim dunyo iqtisodiyoti, ilg'or texnologiya) parokandaligi tufayli boy beryapti.

Markaziy Osiyo "ilgak davlat" bo'lib qola oladimi yoki "Heartland tarkibiy qismi" bo'lib qoladimi — buni geografiya emas, bizning aql-idrokimiz hal qiladi.

Mualliflarning yechimi va mening xulosam

Bekli va Brends yechimni juda aniq beradi, ya`ni Rimlandni kengaytirish kerak emas, yaxlitlash kerak. Yangi a'zo qidirib yurmasin, bor kuchini bir tizimga keltirsin. Asosiy tamoyil — "avtarkiyasiz ortiqcha quvvat", ya`ni har bir muhim sanoat va texnologiya koalitsiyaning biror joyida mavjud bo'lsin, hammasi hamma joyda emas. Mudofaa zavodlari bir-biriga ulansin. Eksport nazorati muvofiqlashtirilsin. Xitoy raketasi bir a'zoni iqtisodiy jihatdan bo'g'sa, qolganlar birgalikda javob bersin. Buning uchun rasmiy ittifoq ham, shartnoma ham shart emas, kelishilgan qoidalar va birgalikdagi intizom yetadi.

Maqolaning oxirgi jumlasi esa, menimcha, butun fikrning kaliti: kuch muvozanati hamon aniq Rimland tomonda, ammo xalqaro tartib ham shunday bo'lib qoladimi? bu Rimland o'z kuchini strategiyaga aylantira oladimi-yo'qmi, shunga bog'liq.

Men bu maqolani o'qib, bir necha narsaga yana bir bor amin bo'ldim.

Birinchidan, yuz yil oldin chizilgan xaritalar eskirmaydi. Makkinder bilan Spaykman bugun ham ish beradi, chunki tog'lar, dengizlar va bo'g'ozlar joyidan jilgani yo'q. Hormuz bo'g'ozi qayerda bo'lsa, o'sha yerda. Xitoy nefti hamon shu tor suvdan o'tadi, Amerikaniki esa o'tmaydi va shu bitta geografik haqiqat ikki davlatning butun strategiyasini belgilaydi.

Ikkinchidan, geografiya endi yangi tilda gapiradi. Avval u temir yo'l orqali, keyin flot orqali gapirgan bo'lsa, bugun chip, kabel va raqamli tarmoq orqali gapiradi. Internet ma'lumotining deyarli hammasi okean tubidagi kabellardan o'tadi va bu kabellar o'sha eski savdo yo'llarini, o'sha qirg'oq chiziqlarini takrorlaydi. "Bulut" deganimiz osmonda emas, aniq joylarda yotadi.

Uchinchidan va bu menga eng muhim tuyuladi, bu kurashning natijasi qurollar emas, uyushish qobiliyati bilan hal bo'ladi. Kuchli tomon parchalansa yutqazadi, kuchsiz tomon birlashsa yutadi. Tarix bu haqiqatni necha marta isbotlagan.

Geografiya bizga xarita beradi. Nima qilish — o'zimizning ishimiz.

Foreign Affairs, iyul-avgust 2026, "Heartland vs. Rimland", Maykl Bekli va Hal Brends maqolasi asosida.