2025-yil boshida har kuni kunlik fikr va mulohazalarimni yozib borish uchun “Bear” dasturini (note yozib borishga ishlataman) o`rnatib, deyarli 10 kun yozgan edim va shundan keyin taxminan bir yarim yil davomida ushbu dasturga kirmabman ham. Kuni kecha ushbu dasturga kirib o`sha vaqtda yozganlarimni o`qib ko`rdim. O`shanda nimalarnidir qoralagan paytimda, yozganlarimdan umuman ko'nglim to'lmas, go'yoki fikrlarim sayoz, so'zlarim esa sun'iydek tuyulardi. Bugun o'sha eski qaydlarni ochib o'qidim. Ajablanarlisi shundaki, ular men o'ylaganchalik yomon emas, aksincha, o'sha paytdagi jarayonlar, ongimdagi kechinmalar va xulosalar juda tiniq hamda asosli ifodalangan ekan. Bu kichik holat menga bitta muhim, ammo tez-tez unutiladigan haqiqatni eslatdi.

Biz ko'pincha eng shafqatsiz tanqidchini o'z ichimizda olib yuramiz. Bu "ichki senzura" hali to'la shakllanmagan fikrlarni, qog'ozga tushishga ulgurmagan xulosalarni bo'g'ib qo'yadi. Nega biz o'zimizni doim tahrir qilaveramiz? Chunki ong ostida kimdir o'qiydi, qanday baho beradi degan xavotir yotadi. Aynan shu o'rinda buyuk stoik faylasuf Senekaning bir gapi yodga tushadi: "Biz voqelikdan ko'ra, tasavvurimizdagi xavotirlardan ko'proq aziyat chekamiz". Yozish jarayonidagi eng katta to'siq ham shu — o'zimiz yaratib olgan, reallikda yo'q xavotirlardir. Natijada mukammallikka intilish yo'lida samimiylik va tabiiylikni boy beramiz.
Aslida, bu masalaning yechimi va yozishning chinakam qudrati qadimdan ma'lum. Ajdodlarimizni va buyuk mutafakkirlarni kuzatsangiz, ularning eng yirik asarlari birdaniga tayyor kitob bo'lib tug'ilmaganini ko'rasiz. Ular kundalik hayotda nimaniki kuzatgan va his qilgan bo'lsa, o'sha narsalarni hech qanday senzurasiz qog'ozga tushirganlar. Yozuvlar faqat vaqti kelibgina ma'lum bir tartibga keltirilgan. Nega qadimda yozilgan asarlar bugungi kungacha shunday dolzarbki, xuddi kecha yoki bugun yozilganidek his paydo qiladi, hech o'ylab ko'rganmisiz? Menimcha, buning yagona sababi shuki, ular o'zlari boshidan o'tkazgan voqelikni, his-tuyg'ularini kimgadir yoqish uchun yoki qandaydir qolipga tushish uchun emas, boricha — mutlaqo senzurasiz yozishgan. Shuning uchun ham asrlar o'tsa-da, bu matnlar xuddi bugun bizga aytilayotgandek jonli ta'sir qiladi.
Yozish amaliyotining naqadar muhimligi bugungi kun intellektual muhitida ham yaqqol ko'rinadi. Masalan, Bek Olimjon o'zining Telegram kanalida doimiy ravishda yozish, uning fikrlashdagi o'rni haqida ko'p gapiradi. Yoki Aziz Rahimovni olaylik, u ham yozishning ahamiyati haqida ko'plab qimmatli fikrlar bildiribgina qolmay, buni amalda ko'rsatib, bugungi kunda 150 dan ortiq esselarni jamlagan "Parallel muhit" loyihasini muvaffaqiyatli yuritib kelmoqda. Bu tajribalar shuni ko'rsatadiki, yozish – bu shunchaki jumlalarni silliqlash san'ati emas, balki tizimli fikrlashning eng amaliy ko'rinishidir. Qog'ozga tushmagan fikr shunchaki uchib ketgan xayol, yo'qotilgan xulosadir.
Ishning asl mohiyati shundaki, yozayotgan paytda hech qanday senzurasiz, voqelikka qanday munosabatda bo'lsangiz, uni shundayligicha qayd etish kerak. Nimani his qilyapsiz? Nimani o'ylayapsiz? Qoralama qanchalik xom yoki tartibsiz ko'rinmasin, u o'sha vaqtdagi sizning mavjud "mental model"ingizning aniq surati hisoblanadi. Vaqt – eng adolatli muharrir. Vaqt o'tishi bilan bu yozuvlar shunchaki matn emas, balki sizning intellektual kapitalingizga aylanadi. Bugun sizga oddiy, hatto biroz pala-partish tuyulgan jumlalar yillar o'tib, qanday qilib muayyan qarorlarga kelganingizni, qaysi g'oyalar evolyutsiyasini boshdan kechirganingizni ko'rsatuvchi eng qimmatli arxiv vazifasini o'taydi. Yozilgan har bir so'z muddat o'tgan sari o'z vaznini oshirib boradi.
Xulosa doim yozish kerak. Mukammallikni kutmasdan, tasavvurdagi xavotirlarga yengilmasdan, qandaydir qoliplarga tushishga urinmasdan, o'z xulosalarimizni o'zimizdan qizg'anmasdan yozishimiz shart. Kun kelib, o'zimiz ishonqsirab yozgan o'sha satrlar bizga bugungidan-da muhimroq javoblarni berishi yoki qachonlardir qanchalik to'g'ri va o'tkir fikrlaganimizni isbotlashi aniq. Tahlil va xulosalar faqat miyada emas, matnda yashaganda o'zining chinakam kuchini ko'rsatadi.

