Har oy oxirida — yoxud keyingi oy boshida — o‘sha oy o‘qigan kitoblarim va ulardan olgan xulosalarim haqida esse yozib borishni niyat qildim. Bu, birinchidan, o‘zimni muntazam o‘qishga undasa; ikkinchidan, o‘quvchilarimning “qaysi kitobni o‘qisam ekan?” degan savoliga javob bo‘lsa, ajab emas.

Demak, o‘tgan oy ikkita kitobni o‘qib tugatdim: Tohir Hamut Izgilning “Tunda hibsni kutib” va Harper Lining “Mazaxchini o‘ldirish” asarlari.

Ikkala asardagi ba’zi holatlar haqida Xitoy va uyg‘urlar: tarixiy geosiyosat va madaniy to‘qnashuv” tahliliy essemda hamda “Birovning terisida” essemda yozgan edim.

Bu esseda esa asarlarning o‘zi, ulardagi g‘oya, o‘qib nima olganim va boshqalarga tavsiya qilamanmi — mana shu savollarga javob berishga harakat qilaman.

“Tunda hibsni kutib”

“Tunda hibsni kutib” — Xitoyning uyg‘urlar yashaydigan hududida amalga oshirayotgan siyosatini bir shaxs, to‘g‘rirog‘i, bir oila misolida ko‘rsatib beruvchi avtobiografik asar.

Agar Jorj Oruellning “1984” romanini o‘qigan bo‘lsangiz, bu kitobni o‘qiyotib beixtiyor o‘sha romanni eslaysiz. Faqat bu safar voqealar kitob sahifasida emas — XXI asrda, shundoqqina biqinimizda ro‘y bergan. Balki hozir ham davom etayotgandir.

Davlat insonni tabiiy erkinliklaridan tortib, qo‘pol bo‘lsa-da aytaman, nafas olishigacha nazorat qiladi. Har bir fuqaroning ovoz namunasi, ko‘z rangi, barmoq izlari yig‘ib olinadi. Oddiy radio eshitganlik uchun ham javobgarlik bor. Farzandga qo‘yiladigan ismlar nazoratda — taqiqlangan ismlar ro‘yxati bor. O‘z yurtida bir hududdan ikkinchisiga o‘tgan odam alohida cheklovlarga duch keladi. Bu millatga chegaradan tashqarida ham o‘zgacha munosabat. Odamlarni bir-biriga qarshi qurollantirish. Bir millatni “qayta tarbiyalash” uchun maxsus lagerlar, “o‘quv markazlari” ochish. Eng dahshatlisi — shaxsini tasdiqlovchi oddiy pasportni olishning o‘zi o‘lim bilan barobar bo‘lgani.

Bilmadim, bularni o‘qib dahshatga tushdingizmi, yo‘qmi. Ammo asarni o‘qib chiqish davomida bularning barchasini o‘z tanangizdan o‘tkazasiz — va, albatta, dahshatga tushasiz.

Bugun butun dunyo demokratiya va inson huquqlarini eng oliy qadriyat deb turibdi. Ayni shunday paytda dunyoning yetakchi, ma’lum ma’noda gegemonlikka intilayotgan davlati bir butun millatga shunday munosabatda bo‘lmoqda. Buni bilib, hayron qolmaslikning iloji yo‘q.

Eng achinarlisi — bularning hech biri qonundan tashqarida emas. Davlat o‘z qonunini buzmayapti, qonunni shunday yozib qo‘ygan. Nazorat ham, cheklovlar ham, lagerlar ham hammasi belgilangan tartibda qabul qilingan rasmiy qaror va hujjatlarga tayanadi. Ya’ni bu — qonuniy zulm.

Mana shu yerda Harper Lining “Mazaxchini o‘ldirish” asaridagi ota va qizning suhbati esga tushadi. Bu haqda “Birovning terisida” essemda batafsil o‘qishingiz mumkin. Qisqasi: birovning xatti-harakatiga baho berayotganda faqat o‘zimizdan kelib chiqib, uning holatini, vaziyatini bilmay turib xulosa chiqarmaslik kerak.

Xitoyning bunday yo‘l tutishi aslida faqat bir millatga qarshi emas. Buning ortida o‘z maqsadi, saqlanib qolishga bo‘lgan urinishi ham bor — buni unutmaslik kerak. Bu haqda “Bir marta davlat bo‘lgan xalq” tahliliy essemda o‘qishingiz mumkin.

“Mazaxchini o‘ldirish”

Keling endi, Harper Lining asari haqida gaplashsak. Asarning markaziy g‘oyasi, nazarimda, aynan mana shu dialogda yashiringan:

— Agar bir oson hiylani o‘rganib olsang, hayotda barcha odamlar bilan oson chiqishib ketasan. Narsalarga insonlarning ko‘zi bilan qaramasang, ularni hech qachon tushuna olmaysan.
— Qanday qilib?
— Ularning o‘rniga o‘zingni qo‘yib ko‘rishing kerak.

Biz ham shundaymiz. Biror hodisa, harakat, hatto birov haqida ham o‘zimizdan kelib chiqib, o‘z o‘rnimizda turib fikr yuritamiz. Aslida esa shu jarayonda uning holatiga tushib ko‘rishga urinib ham ko‘rmaymiz. Agar shunga amal qilganimizda edi asarda aytilganidek, hayotda barcha bilan oson chiqishib ketarmidik?

Bundan tashqari, asarda o‘sha davrda odamlarni terisining rangiga qarab ajratish, munosabatni ham shundan kelib chiqib qurish qanday tus olgani tasvirlangan.

Eng qizig‘i — odamni terisining rangiga qarab ajratish qonun bilan mustahkamlangan. Buni biz oliy deb biladigan qonun chiqaruvchi organ qabul qilgan. Tasavvur qilyapsizmi? Biz qonunni oliy yuridik hujjat, adolatning yagona kafolati deb bilamiz. Aynan o‘sha hujjatda esa odamga terisining rangiga qarab muomala qilish qonuniylashtirilgan.

Demak, qonuniy bo‘lgan har bir narsa adolatli emas ekan. Biz bu ikki tushunchani doimo yonma-yon ishlatamiz. Negaligini endi tushungandirsiz. Qonuniy — ammo adolatsiz. Adolatli — ammo qonuniy emas.

Asar qahramoni Attikus ham buni qabul qilmaydi. Inson oliy mavjudot; uni terisining rangi, millati yoki kelib chiqishiga qarab ajratish mumkin emas — u shuni uqtiradi va shuning uchun kurashadi.

Menga eng yoqqani — Attikusning farzandlariga munosabati, ularga bergan tarbiyasi. Chunki u tarbiyani gap bilan, aqlli so‘zlar yoki solishtirishlar bilan emas, amalda — o‘z namunasi bilan ko‘rsatadi. Farzandlari bilan ko‘p gaplashmaydi, ammo kerakli paytda, kerakli o‘rinda keragicha suhbatlashadi. Biror savol javobsiz qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bir narsani tushuntirganda ham juda ajoyib so‘z tanlaydi. Keling, shulardan birini sizga ham aytay: zo‘rlash deganda u ayolning tanasini roziligisiz, zo‘ravonlik bilan egallashni tushuntiradi.

Asardagi yana bir o‘ziga xos jihat — tenglik haqidagi ajoyib tushuntirish. Asar XX asrda yozilgan bo‘lsa-da, tenglik borasidagi bahslar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Keling, yaxshisi, o‘sha parchani shu yerga qoldiray — o‘zingiz mulohaza qilib ko‘rasiz.

— Gapimni tugatishimdan oldin yana bir narsani aytib o‘tishim kerak, jentlmenlar. Tomas Jefferson qachonlardir insonlarning barchasi teng huquqli qilib yaratilgan deb aytgandi — yankilar va Vashingtondagi ma’muriyatning ayollardan tashkil topgan qismi bizga buni tinmay eslatib turishni yoqtiradi. Hozir, 1935-yilda, ushbu iborani kontekstdan uzib, to‘g‘ri kelsa-kelmasa ishlatishga moyil odamlar paydo bo‘ldi. Bunga eng ahmoqona misol — pedagoglar zehni past, yalqov o‘quvchilarni qobiliyatli o‘quvchilar bilan baravariga sinfdan sinfga ko‘chirmoqda, negaki hamma teng qilib yaratilgan emish, qoloq o‘quvchilar sinfda qolsa, o‘zlarining noqobilligidan qattiq aziyat chekar emish. Hammamizga ayonki, bizni ishontirmoqchi bo‘layotganlaridek, insonlar bu ma’noda teng yaratilgan emas: ayrim insonlar qolganlardan aqlliroq, ba’zilar ko‘proq imkoniyat bilan tug‘ilgan, ayrimlar boshqalardan ko‘ra ko‘proq pul ishlab topadi, ba’zi ayollar boshqalarga qaraganda mazaliroq shirinlik pishiradi — xullas, ayrim insonlar qolganlarga qaraganda qobiliyatliroq bo‘lib tug‘iladi.

Ikkala kitob mana shu joyda bir-biriga tutashadi. Xitoyda uyg‘urlarga, Amerikada esa qora tanlilarga bo‘lgan munosabat — ikkalasi ham qonuniylashtirilgan. Biri rasmiy qaror va ko‘rsatmalar bilan, ikkinchisi qonun chiqaruvchi organ qabul qilgan aktlar bilan. Har ikkovida ham zulm qonun libosini kiygan.

Ikkala kitobni ham o‘qishga tavsiya qilamanmi? Ha. Shunga qaramay, ular sizga ikki boshqa narsa beradi.

“Tunda hibsni kutib” sizni bir haqiqat bilan yuzlashtiradi: bir millat bugun, shu tobda nimalarni boshdan kechirayotganini. Uni o‘qiganingizdan so‘ng endi bilmaganga olib o‘tolmaysiz.

“Mazaxchini o‘ldirish” esa oddiy, ammo qiyin bir narsani o‘rgatadi: hukm chiqarishdan oldin birovning terisiga kirib ko‘rishni.

Vaqt topib, ikkalasini ham o‘qing. Biri dunyoni ko‘rsatadi, ikkinchisi — odamni ko‘rishni o‘rgatadi.