Ba’zida hamma narsadan odam charchaydi, o‘zidan, atrofidan, virtual hayotidan hamma hammasidan. Bundan bir necha oylar oldin Jonathan Haidtni “Behalovat avlod” kitobini o‘qidim va unda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra texnologiyalar inson uyqusiga qanchalik zarar yetkazishi va uyquning buzilishi esa kundalik hayotga, sog‘liqqa ta’sir qilishi haqida yozilgan edi. Shundan so‘ng o‘zimda bir sinov o‘tkazib ko‘rdim, ya’ni uxlash vaqtim soat 22:00 da bo‘lib, uxlashdan yarim soat oldin umuman gadjetlarimdan foydalanmadim. Va natijani mana bu yerda ko‘rishingiz mumkin.

Ushbu essayni yozish vaqtimda ham juda ko‘p gadjetga chalg‘iyapman, o‘zi umuman bu mavzu haqida yozishimga olib kelgan bir nechta omillar bor, shular tufayli bu essayni yozishga qaror qildim.

 Yuqorida aytgan tajribamni 2 kun qildim va natijasi ajoyib bo‘ldi, miriqib uxladim, kunim ajoyib o‘tdi, quvvatga to‘la, ruhim tetik edi. Ammo, bu tajribaman yaxshi natijalar olgan bo‘lishimga qaramasdan, davom ettirmadim. Buni odatga aylantirmadim, “Atom odatlar” kitobida aytilishicha, bir ishni 27 kun davomida qilinsa u odatga aylanadi, undan tashqari zamonamiz olimlarining fikriga ko‘ra 30 kun davomida bir ishni qilsa, odatga aylanadi. Nima bo‘lganda ham odatni shakllantirmoqchi bo‘lganlar uni doimiy yuqoridagi muddatlarda qilsa odat shakllanadi.

Nega shaxsiy suverenitet haqida o‘ylab qoldim va buni yozishga kirishdim.

Hozirgi yozayotganlarim, avvalo, o‘zimga tegishli, o‘zimga eslatma o‘laroq yozmoqdaman, qayerdadir o‘qigan edim, ichdagi fikrlar qog‘ozga tushmas ekan, u hech qachon foyda olib kelmaydi.

Oxirgi paytlarda juda ko‘p gadjetlarga bog‘lanib qoldim, eng qizig‘i hech qanday foydali ishga sarflamayapman, shunchaki scrolling, shunchaki vaqtni behuda sarflash. Oxirgi 3 haftada telefonimdan bir kunda o‘rtacha 7-8 soat atrofida foydalangan ekanman.

Bu degani bir kunning 1/3 qismi telefonga sarflanmoqda. Shundan so‘ng nimanidir o‘zgartirishim kerakligini, intizomni shakllantirish zarurligini tushundim va ishni tahlilchi sifatida muammoning ildizini topishni boshlashdan boshladim.

Nazdimda bu muammoning ildizi shaxsiy suverenitetning yo‘qligidadir. Keling bu tushunchaga o‘tishdan oldin suverenitetning o‘ziga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Fransuzcha souveraineté dan olingan bo‘lib, biror subyektning (davlat, xalq yoki inson) o‘z hududida, o‘z qarorlarida va xatti-harakatlarida tashqi kuchlarga tobe bo‘lmagan holda, to‘laqonli hukmron va erkin bo‘lish holatiga suverenitet deyiladi.

Siyosatshunoslik va huquqshunoslik bo‘yicha suverenitetning 3 shakli bor, davlat suvereniteti, millat suvereniteti, shaxs suvereniteti.

Bu xalqaro huquq va geosiyosatning asosi hisoblanadi (1648-yildagi Vestfaliya tinchlik shartnomasidan boshlab shakllangan). Davlat suvereniteti o‘z ichiga ikkita ajralmas qismni oladi:

Ichki suverenitet: Davlat hokimiyatining o‘z hududi ichida barcha fuqarolar, tashkilotlar va institutlardan ustun turishi. Uning qonunlari oliy hisoblanadi (Gobbsning "Leviafan"i aynan shu ichki tartibni saqlash uchun kerak).

Tashqi suverenitet (Independence): Xalqaro maydonda davlatning boshqa davlatlarga qaram emasligi, o‘z tashqi siyosatini mustaqil belgilashi va ichki ishlariga aralashishga yo‘l qo‘ymasligi.

Millat suvereniteti - har qanday qonuniy hokimiyatning birdan-bir manbai xalqdir. Davlat faqat xalq unga o‘z ixtiyori bilan bergan vakolatlar doirasidagina harakat qila oladi.

Millatning o‘z davlatchiligini qurish, o‘z madaniyati, tili va taraqqiyot yo‘lini tashqi to`siqlarsiz mustaqil tanlash huquqi.

Shaxsiy suverenitet bugun o‘z diqqatini, ruhiyatini va mustaqil fikrlash qobiliyatini sun’iy ta’sirlardan (dofamin tuzoqlaridan) himoya qila olishni anglatadi.

Biz davlatlar hududi va chegaralari daxlsizligi haqida ko‘p bahs qilamiz-u, lekin har kuni o‘z ongimiz va vaqtimiz chegaralarini raqamli dunyo qaroqchilariga shunchaki topshirib qo‘yganimizni sezmaymiz. O‘z e’tibori va irodasi ustidan suverenitet o‘rnata olmagan inson, o‘z millati va davlati suverenitetini himoya qila oladimi?

Inson diqqati uchun kurash ketayotganligi, diqqat juda ham qimmat resurs darajasiga chiqqanligi haqida ko‘p o‘qidik, bu haqida ko‘rsatuvlarni ham ko‘rdik. Shuni bilib, ko‘rib turib, bunga qarshi immunitet hosil qilmaslik va bunga harakat qilmaslik yonib turgan olovga o‘z xohishing bilan borib o‘zingni otishdan boshqa narsa emas.

Ayniqsa, texnologiyalar bollarimiz hayotiga qanchalik ta’sir qilayotganligi haqida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida yozilgan “Behalovat avlod” kitobini barcha ota-ona, nafaqat ota-ona barcha o‘qishi kerak, tadqiqotda asosan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar holati o‘rganilgan bo‘lsa-da, bolalardagi alomatlar, ruhiy holatining buzilishi, aslida bu kattalardagi muammo ham (kitob haqida X platformasida ko‘p yozganman qiziq bo‘lsa #behalovatavlod hashtagi bilan qidirib ko‘rsangiz bo‘ladi, bundan tashqari Youtube sahifamda ham video bor).

Nassim Taleb o‘zining “Tasodiflarga aldanganlar” asarida ma’lumotlarga qanchalik tez-tez qarasangiz, shunchalik ko‘p shovqin olasiz, natijada shovqin va signal nisbati ortishini ta’kidlaydi (3-bob. Matematik tarix borasidagi o‘ylar, Monte-karlodagi filostrat: shovqin va axborot o‘rtasidagi tafovut haqida).

Haqiqatdan ham, bundagi eng yomon jihat ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan axborotlar natijasida insonlarning, jamiyatning dunyoqarashi shakllanmoqda. Shunday tanishlarim borki, ijtimoiy tarmoqdagi videolar, axborotlar natijasida dunyoqarashini shakllantirgan va ijtimoiy tarmoqqa chiqqan bo‘lsa bu haqiqat deb turib olgan.

"Sizning tashqi voqealar ustidan emas, balki o‘z ongingiz ustidan hokimiyatingiz bor. Buni anglasangiz, yengilmas kuch topasiz." Mark Avreliy.

O‘z ongimizga hukmronlik qilsak, uni himoyalasak (“ichki va tashqi dushmanlardan”) Avreliy aytganidek, yengilmas kuch topmiz. Bunday deyishimga sabab yuqorida ta’kidlagan tajribam, ha to‘g‘ri to‘laqonli hukmronlik qilmagandirman, ammo kichik harakatlar qanchalik ijobiy ta’sir qilganini o‘z tanamda his qilib ko‘rdim.

Har birimiz o‘z shaxsiy suverenitetimizni belgilab olishimiz va unga og‘ishmay rioya qilishimiz vaqti keldi, yolg‘onchi dofaminlarga aldanib qolmasligimiz, qayta topilmaydigan vaqtimizni vaqtida qadriga yetishimiz, eng asosiysi har bir lahzamizni mazmunli o‘tkazish kelajak uchun sarmoya yig‘ishimiz zarur. Zero, Gobbs ta’riflagan "Hammaning hammaga qarshi urushi" tabiiy holat bugun raqamli olamga ko‘chgan. Algoritmlar bizning e’tiborimiz uchun doimiy urush olib bormoqda. O‘z suverenitetini himoya qilish uchun insonga qandaydir "ichki Leviafan" — qat’iy shaxsiy tartib va intizom kerak.