So‘nggi o‘n yillikdagi voqealar rivojini kuzata turib, jahon tarixida qandaydir fundamental o‘zgarish yuz berayotganidan chetda qolish qiyin. O‘tgan yili sovuq urushning tugaganligi va “tinchlik” davri boshlanganligini e’lon qilinganligi haqida talaygina maqolalar paydo bo‘ldi. Biroq bu materiallarning aksariyatida muhimni tasodifiydan ajratish imkonini beradigan konsepsiya yo‘q, ular yuzaki yozilgan. Xullas, agar janob Gorbachev kutilmaganda Kremldan quvib chiqarilsayu, qandaydir yangi oyatulloh 1000 yillik saltanatni e’lon qilsa, o‘sha-o‘sha sharhlovchilar ziddiyatlar davri qayta boshlangani haqidagi xabarlar bilan yugurib qolishardi.

Shunday bo‘lsa-da, davom etayotgan jarayonning fundamental xususiyatga ega ekanligi hamda joriy voqealarga o‘zaro aloqadorlik va tartib olib kirayotgani haqidagi tushuncha tobora ortib bormoqda. Bizning ko‘z o‘ngimizda yigirmanchi asrda dunyo mafkuraviy zo‘ravonlik xurujiga giriftor bo‘ldi: o‘shanda liberalizm avval absolyutizm sarqitlari bilan, so‘ng bolshevizm va fashizm bilan, nihoyat, bizni yadro urushi apokalipsisiga tortishi mumkin bo‘lgan so‘nggi marksizm bilan kurashishga majbur bo‘ldi. Garchi bu asr boshida g'arb liberal demokratiyasining g'alabasiga qattiq ishonilgan bo'lsa-da, asr oxiriga kelib u yana o'zi boshlagan nuqtaga qaytmoqda. Bu — yaqingacha bashorat qilingan «mafkuralar intihosi» yoki kapitalizm va sotsializmning yaqinlashuvi emas, balki iqtisodiy va siyosiy liberalizmning so'zsiz g'alabasidir.

G‘arbning, G‘arb g‘oyasining zafari, avvalo, liberalizmning hech qanday hayotiy muqobili qolmagani bilan oydinlashadi. So‘nggi o‘n yillikda yirik kommunistik mamlakatlarning intellektual muhiti o‘zgardi, ularda muhim islohotlar boshlandi. Bu hodisa yuksak siyosat doirasidan ham kengroq bo‘lib, uni G‘arb iste’mol madaniyatining turli-tuman ko‘rinishlarda keng yoyilishida ham kuzatish mumkin. Bular – hozirgi Xitoyda har qadamda uchraydigan dehqon bozorlari va rangli televizorlar, o‘tgan yili Moskvada ochilgan kooperativ restoranlar va kiyim-kechak do‘konlari, Tokio do‘konlarida yaponcha uslubga solingan Betxoven musiqasi hamda Praga, Rangun va Tehronda bir xil zavq bilan tinglanadigan rok musiqasidir.

Biz guvoh bo'layotgan jarayon, ehtimol, shunchaki Sovuq urushning yoki urushdan keyingi tarixning navbatdagi bir davrining yakuni emas, balki umuman tarixning intihosi — insoniyat mafkuraviy taraqqiyotining tugashi va g'arb liberal demokratiyasining boshqaruvning yakuniy shakli sifatida butun dunyoga yoyilishidir. Bu kelgusida hech qanday voqea sodir bo‘lmaydi va “Forin Afferz”ning xalqaro munosabatlarga oid yillik sharhlari sahifalari bo‘m-bo‘sh qoladi, degani emas. Zero, liberalizm hozircha faqat g‘oyalar, ong sohasidagina g‘olib keldi. Real, moddiy dunyoda esa g‘alabaga hali ancha bor. Biroq, pirovardida aynan shu ideal dunyo moddiy dunyoni belgilab beradi, deb hisoblash uchun jiddiy asoslar mavjud. Nima uchun shunday ekanligini tushunish uchun avvalo tarixda yuz beradigan o‘zgarishlarning tabiati bilan bog‘liq ayrim nazariy masalalarni ko‘rib chiqish lozim.

Tarixning intihosi haqidagi qarashni mutlaqo yangi fikr deb bo'lmaydi. Uning eng taniqli targ'ibotchisi Karl Marks edi. Marksning fikricha, moddiy kuchlarning o'zaro ta'siri belgilab beradigan tarixiy taraqqiyot aniq bir maqsadga yo'naltirilgan bo'lib, u barcha ziddiyatlarni hal etuvchi kommunistik utopiyaga erishilgandagina nihoyasiga yetadi. Aytgancha, tarixning ushbu konsepsiyasini – ya’ni boshi, o‘rtasi va oxiri bo‘lgan dialektik jarayon sifatidagi qarashni – Marks o‘zining buyuk olmon salafiga aylangan Georg Vilgelm Fridrix Gegeldan o‘zlashtirgan.

Yaxshimi, yomonmi, Gegel tarixiyligi g'oyalarining ko'pgina jihatlari bugungi intellektual zaxiramizga singib ketgan. Masalan, insoniyat ongi urug'-qabilachilik, quldorlik, teokratik va, nihoyat, demokratik-egalitar[1] kabi muayyan ijtimoiy tuzum shakllariga mos keluvchi qator bosqichlarni bosib o'tgani haqidagi qarashni olaylik. Gegel faylasuflar ichida birinchi bo‘lib zamonaviy ijtimoiy fan tilida so‘zlay boshlagan. Uning uchun inson “tabiiy huquq” nazariyotchilari ta’kidlaganidek, u yoki bu “tabiiy” xislatlar majmuyi emas, balki muayyan tarixiy va ijtimoiy muhit mahsulidir. Tabiiy muhitni o‘zlashtirish va uni fan-texnika yordamida o‘zgartirish g‘oyasi ham aslida markscha emas, aynan Gegelga tegishlidir. Tarixiy relyativizmi[2] shunchaki quruq relyativizmga aylanib qolgan keyingi davr tarixchilaridan farqli o'laroq, Gegel tarix qandaydir mutlaq bir nuqtada — jamiyat va davlatning yakuniy, oqilona shakli zafar qozongan aynan o'sha lahzada o'zining eng yuqori cho'qqisiga (kulminatsiyasiga) yetadi, deb hisoblagan.

Gegelning baxtiga qarshi, hozirda uni Marksning o‘tmishdoshi sifatida bilishadi va unga marksizm prizmasi orqali qarashadi. Oramizdan sanoqlilarigina uning asarlari bilan bevosita tanishib chiqishga harakat qilgan. Aytgancha, Fransiyada Gegelni marksist talqinchilardan qutqarib, g‘oyalari zamonamiz uchun ahamiyatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan faylasuf sifatida qayta jonlantirishga urinish bo‘lgan edi. Gegelning bu fransuz sharhlovchilari orasida eng muhimi, shubhasiz, 30-yillarda Parijdagi Oliy tadqiqotlar amaliy maktabida (Ecole Pratique des Hautes Etudes) bir qator seminarlar olib borgan atoqli rus muhojiri Aleksandr Kojev edi. Qo‘shma Shtatlarda deyarli tanilmagan Kojev Yevropa qit’asining intellektual hayotiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Uning shogirdlari safida so‘lchi Jan-Pol Sartr va o‘ngchi Raymon Aron kabi bo‘lajak yorqin siymolar bor edi. Urushdan keyingi ekzistensializm[3] aynan Kojev orqali Gegeldan o‘zining ko‘plab kategoriyalarini o‘zlashtirgan.

Kojev “Ruh fenomenologiyasi” davridagi Gegelni, ya’ni 1806-yilda tarix o‘z nihoyasiga yetayotganini e’lon qilgan Gegelni qayta tiriltirishga intildi. Zero, o‘sha vaqtdayoq Gegel Napoleonning Prussiya monarxiyasiga bergan zarbasida Fransuz inqilobi g‘oyalarining tantanasini hamda erkinlik va tenglik tamoyillarini o‘zida mujassam etgan davlatning yaqinlashib kelayotgan umumiylashuvini ko‘ra bilgan edi. Kojev Gegel mohiyatan haq bo‘lib chiqqanini ta’kidladi. Yena jangi tarixning yakunini anglatardi, chunki aynan shu lahzada insoniyatning ilg‘or qatlami (bu atama marksistlarga yaxshi tanish) yordamida Fransuz inqilobi tamoyillari hayotga tatbiq etildi. Garchi 1806-yildan so‘ng hali qilinadigan ishlar ko‘p bo‘lsa-da – oldinda qullik va qul savdosini bekor qilish, ishchilar, ayollar, qoratanlilar va boshqa irqiy ozchiliklarga saylov huquqini berish kabi vazifalar turgan bo‘lsa-da, liberal-demokratik davlatning o‘z tamoyillarini o‘sha vaqtdan buyon takomillashtirib bo‘lmas edi. Bizning asrimizda yuz bergan ikki jahon urushi, shuningdek, ular bilan birga kechgan inqilob va to'ntarishlar mazkur tamoyillarning hududiy jihatdan keng tarqalishiga xizmat qildi. Natijada chekka o'lkalar sivilizatsiyaning oldingi marralarigacha ko'tarildi, Yevropa va Shimoliy Amerikaning unga mos jamiyatlari esa liberalizm tamoyillarini amalga oshirish maqsadida sivilizatsiya yetakchisiga aylandi.

Tarix so‘nggida paydo bo‘ladigan davlat liberaldir – zero, u qonunlar tizimi orqali insonning ajralmas erkinlik huquqini tan oladi va himoya qiladi. Qolaversa, u demokratikdir – chunki u o‘z fuqarolarining roziligi bilan mavjud bo‘ladi. Kojevning fikricha, u “umumbashariy davlat” deb atagan bu tuzum urushdan keyingi G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida – eng ulug‘vor va qahramonona loyihasi “Umumiy bozor” bo‘lgan o‘sha lanj, to‘q, o‘zidan mamnun, faqat o‘zini o‘ylovchi, irodasi zaif davlatlar misolida o‘zining hayotiy ifodasini topgan edi. Ammo boshqacha bo‘lishi mumkinmidi? Axir, insoniyat tarixi o‘zining barcha ziddiyatlari bilan birga aynan “qarama-qarshiliklar” mavjudligiga tayanadi: bu yerda qadimgi insonning tan olinishga intilishi, xo‘jayin va qul dialektikasi, tabiatni o‘zgartirish va uni egallash, umuminsoniy huquqlar uchun kurash hamda proletar va kapitalist o‘rtasidagi dixotomiya[4] mavjud. “Umumbashariy davlat”da esa barcha qarama-qarshiliklar hal etilgan va barcha ehtiyojlar qondirilgan. Unda kurash yo‘q, jiddiy mojarolar yo‘q, shu sababli generallar va davlat arboblariga ham hojat qolmaydi. Qolgani esa, asosan, iqtisodiy faoliyat, xolos. Aytish joizki, Kojev hayotda ham o‘z ta’limotiga amal qilgan. Gegel (to‘g‘ri tushunilsa) allaqachon mutlaq bilimga erishib bo‘lgani uchun faylasuflarga boshqa ish qolmadi, degan xulosaga kelgan Kojev urushdan so‘ng o‘qituvchilikni tashlab, 1968-yilda vafot etguniga qadar Yevropa Iqtisodiy Hamjamiyatida amaldor bo‘lib xizmat qildi.

Albatta, zamondoshlari uchun Kojevning tarix yakunlangani haqidagi e’loni jahon urushi va boshlangan sovuq urush oqibatlarida yuzaga kelgan fransuz ziyolisiga xos ekssentrik[5] bir solipsizm[6] bo‘lib tuyulgandi. Shunday bo‘lsa-da, Kojev tarix yakunlandi, deb da’vo qilishga qanday jur’at topa oldi? Buni tushunish uchun biz ushbu da’voning Gegel idealizmi bilan bog‘liqligini anglab yetishimiz kerak.

Gegel uchun tarixni harakatga keltiruvchi ziddiyatlar, avvalo, inson ongi sohasida, ya’ni g‘oyalar darajasida mavjuddir. Bu yerda gap amerikalik siyosatchilarning saylovoldi va’dalari haqida emas, balki dunyoning keng qamrovli, birlashtiruvchi manzaralari haqida ketmoqda. Ularni mafkura deb atash eng to‘g‘ri bo‘ladi. Bu ma’nodagi mafkura biz odatda u bilan bog‘laydigan siyosiy ta’limotlar bilangina cheklanib qolmay, balki har qanday jamiyat asosida yotuvchi din, madaniyat va axloqiy qadriyatlarni ham o‘z ichiga oladi.

Gegelning ideal va real, ya’ni moddiy dunyo munosabatiga oid qarashlari juda murakkab, avvalo, shundan boshlash kerakki, uning uchun ular o‘rtasidagi farq shunchaki bir ko‘rinish, xolos. Uning fikricha, real dunyo falsafa professorlarining mafkuraviy xurofotlariga bo‘ysunmaydi, biroq Gegelda ideal olam “moddiy” dunyodan mustaqil yashaydi, deb ham bo‘lmaydi. Gegelning o'zi professor bo'la turib, Yena jangi kabi g'oyat moddiy hodisa ta'sirida ma'lum muddat o'z maromidan (izidan) chiqib qolgan edi. Ammo Gegelning asarlari yoki tafakkurini moddiy dunyodan otilgan o‘q to‘xtatib qo‘yishi mumkin bo‘lsa-da, o‘sha tepkini bosgan barmoqni, o‘z navbatida, Fransuz inqilobiga ilhom bag‘ishlagan erkinlik va tenglik g‘oyalari harakatga keltirgan edi.

Gegelning fikricha, moddiy dunyodagi barcha insoniy xatti-harakatlar va, o'z navbatida, butun insoniyat tarixi ongning avvalgi holatiga borib taqaladi. Keyinchalik Jon Meynard Keyns ham shunga o'xshash g'oyani ilgari surib, ishbilarmonlarning qarashlari odatda marhum iqtisodchilar hamda o'tgan avlodlarga mansub akademik qog'oz qoralovchilar g'oyalarining qorishmasidan iborat bo'lishini ta'kidlagan edi. Bu ong, eng yangi siyosiy ta’limotlardan farqli o‘laroq, gohida yetarlicha puxta o‘ylanmagan bo‘ladi. U din yoxud oddiy madaniy yoki axloqiy urf-odatlar shaklida namoyon bo‘lishi mumkin. Lekin oxir-oqibatda ongning bu sohasi muqarrar ravishda moddiy dunyoda gavdalanadi, hatto bu moddiy dunyoni o‘z timsoli va qiyofasida yaratadi. Ong oqibat emas, sababdir va u moddiy dunyodan ayri holda rivojlana olmaydi, shuning uchun atrofimizdagi voqealar chigalligining asl zamirida mafkura yotadi.

Keyingi davr mutafakkirlari qarashlarida Gegel idealizmi nochor ahvolga tushib qoldi. Marks real va ideal o‘rtasidagi munosabatni butunlay o‘zgartirib yubordi: u ongning butun bir sohasini – din, san’at va falsafaning o‘zini – hukmron moddiy ishlab chiqarish usuli bilan to‘liq belgilanadigan “ustqurma” foydasiga yozib yubordi. Marksizmning yana bir achinarli merosi shundaki, biz siyosiy va tarixiy hodisalarga moddiy yoki utilitar izoh berishga moyilmiz. Biz g‘oyalarning mustaqil kuchiga ishonishga uncha xohishimiz yo‘q. Bunga so‘nggi misol sifatida Pol Kennedining katta muvaffaqiyat qozongan “Buyuk davlatlarning yuksalishi va tanazzuli” (Kennedy P. “The Rise and Fall of the Great Powers”) kitobini keltirish mumkin. Unda buyuk davlatlarning tanazzuli shunchaki iqtisodiy zo‘riqish bilan izohlanadi. Albatta, bunda jon bor: iqtisodiyoti o‘zini zo‘rg‘a eplayotgan imperiya o‘zining nochorligini cheksiz tan olavermaydi. Biroq jamiyat o‘z yalpi milliy mahsulotining (YaIM) 3 yoki 7 foizini aynan nimaga – mudofaagami yoki iste’mol ehtiyojlarigami – ajratishi jamiyatning siyosiy ustuvorliklari masalasidir, bu ustuvorliklar esa ong sohasida belgilanadi.

Zamonaviy tafakkurning materialistik yo‘nalishi nafaqat marksizmga xayrixoh bo‘lgan so‘l qarashdagi kishilarga, balki ko‘plab ashaddiy antimarksistlarga ham xosdir. Masalan, o‘ng qanotda mafkura va madaniyat ahamiyatini inkor etib, insonni mohiyatan oqilona, maksimal foyda olishga intiluvchi individ deb biladigan “Uoll-strit jornel” jurnalining materialistik determinizm maktabi turadi. Iqtisodiyotga oid darsliklar ham iqtisodiy hayotning asosi sifatida aynan shunday insonni va uni harakatga keltiruvchi moddiy rag‘batlarni oladi. Keling, bu materialistik qarashlarning shubhaliligini bir misol yordamida ko‘rib chiqaylik.

Maks Veber o‘zining mashhur “Protestant axloqi va kapitalizm ruhi” kitobini protestantlar va katoliklarning iqtisodiy faoliyatidagi farqlarni ko‘rsatish bilan boshlaydi. Bu farqlar “Protestantlar lazzatli yeydi, katoliklar esa osuda uxlaydi” degan maqolda o‘z ifodasini topgan. Veberning ta’kidlashicha, insonni maksimal foyda olishga intiluvchi oqilona mavjudot deb hisoblaydigan har qanday iqtisodiy nazariyaga ko‘ra, ish haqi stavkalarining oshishi mehnat unumdorligining o‘sishiga olib kelishi kerak. Biroq ko‘plab an’anaviy dehqon jamoalarida bu teskari samara beradi, ya’ni mehnat unumdorligi pasayadi: kuniga ikki yarim marka topishga o‘rgangan dehqon stavkalar oshganda shu pulni kamroq ishlab ham topa olishini anglaydi va shunday ham qiladi. Daromad o‘rniga bo‘sh vaqtni, afinalik savdogarning farovon hayoti o‘rniga spartalik goplitning harbiylashgan turmush tarzini yoki hatto aristokratning an’anaviy hordig‘i o‘rniga ilk kapitalizm davri tadbirkorining zohidona hayotini tanlashni shaxssiz moddiy kuchlar ta’siri bilan izohlab bo‘lmaydi. Tanlov asosan ong sohasida, mafkurada yuz beradi. Veber asarining markaziy g‘oyasi – Marksga qarshi o‘laroq, moddiy ishlab chiqarish usuli “bazis” emas, aksincha, ildizlari din va madaniyatga borib taqaladigan “ustqurma” ekanini isbotlashdir. Va agar biz zamonaviy kapitalizm va foyda motivining mohiyatini tushunmoqchi bo‘lsak, deydi Veber, ong sohasida mavjud bo‘lgan har ikkisining ham zaminini o‘rganishimiz kerak.

Hozirgi dunyo iqtisodiy taraqqiyot borasidagi materialistik nazariyalarning butun qashshoqligini fosh etmoqda. “Uoll-strit jornel” jurnalining materialistik determinizm maktabi erkin bozor iqtisodiyotining hayotiyligiga dalil sifatida Osiyoning so‘nggi bir necha o‘n yillikdagi lol qoldiruvchi iqtisodiy muvaffaqiyatini misol qilib keltirishni yoqtiradi. Bundan shunday xulosa chiqariladiki, agar boshqa jamiyatlar ham o‘z aholisiga moddiy manfaatlarni erkin ko‘zlashga imkon bersa, ular ham shunday yutuqlarga erishgan bo‘lardi. Albatta, erkin bozorlar va barqaror siyosiy tizimlar iqtisodiy o‘sishning zaruriy shartidir. Biroq Uzoq Sharq jamiyatlarining madaniy merosi, mehnat axloqi, oilaviy hayot tarzi, tejamkorligi, islomdan farqli o‘laroq, iqtisodiy xatti-harakatlarga cheklovlar qo‘ymaydigan dini hamda odamlarning ongiga chuqur singib ketgan boshqa axloqiy fazilatlar ham ularning iqtisodiy faoliyatini izohlashda kam ahamiyat kasb etmasligi shubhasiz. Shunday bo‘lsa-da, materializmning intellektual ta’siri shu qadar kuchliki, hozirgi zamonning birorta jiddiy iqtisodiy taraqqiyot nazariyasi ong va madaniyatni jiddiy qabul qilmaydi, ularning, aslida, iqtisodiyotni dunyoga keltiruvchi zamin ekanini tan olmaydi.

Iqtisodiy xatti-harakatlar ong va madaniyatga bog‘liqligini tushunmaslik keng tarqalgan xatolikka olib keladi: ya’ni, aslida ideal tabiatga ega hodisalarni ham moddiy sabablar bilan izohlashga uriniladi. Masalan, Xitoydagi islohot, so‘nggi paytlarda esa Sovet Ittifoqidagi islohot ham odatda moddiylikning ideallik ustidan qozongan g‘alabasi – mafkuraviy rag‘batlar moddiy rag‘batlarning o‘rnini bosa olmagani va farovonlikka erishish uchun shaxsiy manfaatlarning quyi shakllariga murojaat qilish zarurligining e’tirofi sifatida talqin qilinadi. Vaholanki, sotsialistik iqtisodiyotning chuqur kamchiliklari bundan o‘ttiz-qirq yil avval ham hammaga ayon edi. Xo‘sh, nega sotsialistik mamlakatlar markazlashgan rejalashtirishdan faqat 80-yillardagina voz kecha boshladi? Javobni “protestantlarcha” farovonlik va tavakkalni tanlab, “katoliklar singari” qashshoqlik va xotirjam hayotdan voz kechishga qaror qilgan elita va uning yetakchilari ongidan izlash kerak. Bu esa, zinhor, ushbu mamlakatlar islohotlar arafasida turgan moddiy sharoitlarning muqarrar oqibati emas edi. Aksincha, o‘zgarish bir g‘oyaning boshqasi ustidan g‘alaba qozonishi natijasida yuz berdi.

Kojev uchun, barcha gegelchilar kabi, tarixning tub jarayonlari ongda yoki g‘oyalar sohasida yuz beradigan hodisalar bilan belgilanadi, zero, pirovardida aynan ong dunyoni o‘z qiyofasi va timsoliga ko‘ra qayta shakllantiradi. 1806-yilda tarix o‘z nihoyasiga yetgani haqidagi tezis insoniyatning mafkuraviy tadriji Fransiya va Amerika inqiloblari g‘oyalari bilan yakunlanganini anglatardi. Garchi real dunyodagi ayrim rejimlar bu g‘oyalarni to‘liq ro‘yobga chiqara olmagan bo‘lsa-da, g‘oyalarning o‘zi nazariy jihatdan mutlaq haqiqatdir va ularni takomillashtirib bo‘lmaydi. Shu sababli, urushdan keyingi yevropaliklar avlodining ongi universallashmagani Kojevni tashvishga solmas edi. Agar mafkuraviy taraqqiyot chindan ham yakunlangan bo‘lsa, umuminsoniy davlat ertami-kechmi baribir g‘alaba qozonishi muqarrar.

Ochig'ini aytganda, bu o'rinda menda Gegelning radikal idealistik qarashlarini batafsil himoya qilish uchun na yetarli joy, na hafsala (kuch) bor. Masala uning tizimi to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligida emas, balki biz ko‘pincha o‘z-o‘zidan ravshan deb qabul qiladigan materialistik izohlarning muammoliligi uning sharofati bilan qanchalik yaqqol ko‘rinishidadir. Gap moddiy omillarning rolini inkor etish haqida ketmayapti. Idealist nuqtayi nazaridan, insoniyat jamiyati bu tamoyillar moddiy dunyoga mos keladimi-yo‘qmi, bundan qat’i nazar, ixtiyoriy tanlangan har qanday prinsiplar asosida qurilishi mumkin. Va haqiqatan ham, odamlar faqat ruh olamida mavjud bo‘lgan g‘oyalar – xoh u muqaddas sigirlar, xoh Muqaddas Uchlik bo‘lsin – nomidan har qanday moddiy qiyinchiliklarga bardosh bera olishini isbotlaganlar.

Ammo insonning moddiy dunyoni idrok etishining o‘zi tarixan shakllangan ong bilan shartlangan ekan, demak, moddiy dunyo ham ongning muayyan bir holati hayotiyligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xususan, rivojlangan liberal iqtisodiyotlardagi hayratlanarli moddiy mo‘l-ko‘lchilik va uning zamiridagi cheksiz rang-barang iste’mol madaniyati siyosiy sohadagi liberalizmni oziqlantirib, qo‘llab-quvvatlab turadi, shekilli. Materialistik determinizmga ko‘ra, liberal iqtisodiyot muqarrar ravishda liberal siyosatni ham yuzaga keltiradi. Men esa, aksincha, iqtisodiyot ham, siyosat ham o‘zidan oldin keladigan va ularning mavjudligini ta’minlaydigan mustaqil bir ong holatini taqozo etadi, deb hisoblayman. Agar liberalizmga qulay bo‘lgan ong holati yuqorida tilga olingan mo‘l-ko‘lchilik bilan ta’minlansa, u tarix so‘nggida barqarorlashadi. Buni quyidagicha xulosa qilishimiz mumkin: umumbashariy davlat – bu siyosiy sohada liberal demokratiya, iqtisodiy sohada esa erkin sotuvdagi video va stereo bilan uyg‘unlashgan jamiyatdir.

Biz haqiqatan ham tarixning intihosiga yetib keldikmi? Boshqacha aytganda, zamonaviy liberalizm yechishga ojizlik qiladigan, biroq qandaydir muqobil siyosiy-iqtisodiy tuzum doirasida hal etilishi mumkin bo‘lgan yana qandaydir fundamental “ziddiyatlar” mavjudmi? Biz idealistik asoslardan kelib chiqqanimiz bois, javobni mafkura va ong sohasidan izlashimiz kerak. Biz liberalizmga yo‘naltirilgan barcha da’vatlarni, jumladan, har xil aqldan ozgan masihparastlarning da’vatlarini ham tahlil qilib o‘tirmaymiz. Bizni faqat muhim ijtimoiy va siyosiy kuchlar hamda harakatlarda mujassamlashgan va jahon tarixining bir qismi sanalgan narsalargina qiziqtiradi. Albaniya yoki Burkina-Faso aholisining hayoliga yana qanday fikrlar kelishi muhim emas, faqat butun insoniyat uchun umumiy deb atash mumkin bo‘lgan mafkuraviy zaxiragina qiziqarlidir.

O‘tgan asrda liberalizmga ikki asosiy mafkura – fashizm va kommunizm qarshi chiqdi. Birinchisiga ko‘ra, G‘arbning siyosiy zaifligi, materializmi, axloqiy tanazzuli, birligini yo‘qotishi – bularning bari liberal jamiyatlarga xos fundamental ziddiyatlardir. Uning nazdida, bu ziddiyatlarni faqatgina milliy o‘ziga xoslik g‘oyasiga tayanuvchi kuchli davlat va “yangi inson”gina hal qila olardi. Hayotiy mafkura sifatida fashizm Ikkinchi jahon urushida tor-mor etildi. Bu, albatta, juda katta moddiy mag‘lubiyat edi, biroq u ayni paytda g‘oyaning ham mag‘lubiyati bo‘lib chiqdi. Fashizm axloqiy nafrat tufayli barham topmadi, zero, ko‘pchilik uni kelajak shabadasi deb bilgani uchun ma’qullagan edi. G‘oyaning o‘zi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Urushdan keyin odamlar Germaniya fashizmi ham, uning Yevropa va Osiyodagi boshqa ko‘rinishlari kabi, halokatga mahkum edi, deb o‘ylay boshladi. Urushdan so‘ng boshqa mintaqalarda yangi fashistik harakatlarning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiladigan biror moddiy sabab yo‘q edi. Gap shundaki, cheksiz mojarolar va pirovardida harbiy falokatni va’da qilgan ekspansionistik[7] o‘ta millatchilik o‘z jozibasini butunlay yo‘qotdi. Reyxskanselyariya vayronalari ostida ham, Xirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombalari ostida ham bu mafkura nafaqat moddiy, balki ong darajasida ham halok bo‘ldi. Germaniya va Yaponiya namunasida paydo bo‘lgan Argentinadagi peronizm[8] yoki Subhas Chandra Bosning Hindiston milliy armiyasi kabi barcha protofashistik harakatlar urushdan keyin so‘nib qoldi.

Ikkinchi buyuk muqobil – kommunizm tomonidan liberalizmga qarshi qo‘yilgan mafkuraviy da’vat ancha jiddiyroq edi. Marks Gegel tili bilan aytganda, liberal jamiyatga fundamental, hal qilib bo‘lmas ziddiyat, ya`ni mehnat va kapital o‘rtasidagi ziddiyat xosdir. Keyinchalik aynan shu ziddiyat liberalizmga qarshi asosiy ayblov bo‘lib xizmat qildi. Albatta, G‘arb sinfiy masalani muvaffaqiyatli hal etdi. Kojayev (va boshqalar) ta’kidlaganidek, zamonaviy Amerika egalitarizmi Marks bashorat qilgan o‘sha sinfsiz jamiyatning o‘zidir. Bu Qo‘shma Shtatlarda boylar va kambag‘allar yo‘q yoki so‘nggi yillarda ular o‘rtasidagi tafovut kuchaymadi, degani emas. Biroq iqtisodiy tengsizlikning ildizlari jamiyatimizning huquqiy va ijtimoiy tuzilmasida emas, aksincha, uni tashkil etuvchi guruhlarning o‘tmishdan meros bo‘lib qolgan madaniy va ijtimoiy xususiyatlaridadir. Qo‘shma Shtatlardagi qora tanlilar muammosi liberalizm mahsuli emas, balki rasman bekor qilinganidan keyin ham uzoq vaqt saqlanib qolgan qullik oqibatidir.

Sinfiy masala orqa planga tushib qolganligi tufayli, bugungi kunda G'arb dunyosida kommunizmning jozibasi buni ishonch bilan ta'kidlash mumkinki Birinchi jahon urushi yakunidan buyon eng past darajaga tushib qolgan. Bunga Yevropaning yirik kommunistik partiyalari a’zolari va saylovchilari soni qisqarayotgani hamda ularning ochiqdan-ochiq revizionistik dasturlari[9], Buyuk Britaniya va GFRda, Qo‘shma Shtatlar va Yaponiyada bozor tarafdori bo‘lgan va etatizm[10]ga qarshi chiqqan konservativ partiyalarning saylovlardagi muvaffaqiyati, eng “ilg‘or” vakillari endi burjua jamiyati yengilishi shart deb hisoblamaydigan intellektual muhit kabi ko‘plab misollarda guvoh bo‘lish mumkin. Bu G‘arb mamlakatlaridagi ilg‘or ziyolilarning qarashlari ayrim jihatlardan chuqur patologik emas, degani emas. Biroq kelajakni sotsializm bilan bog‘laydiganlar o‘z jamiyatlarining real siyosiy ongi uchun juda qarib qolgan yoki juda marginal holatdadir.

Shimoliy Atlantika dunyosi uchun sotsialistik muqobil tahdidi hech qachon real bo‘lmagan, deya e’tiroz bildirilishi mumkin. So‘nggi o‘n yilliklarda bu tahdid asosan mintaqadan tashqarida erishilgan muvaffaqiyatlar hisobiga kuchayib turdi. Biroq aynan Yevropadan tashqaridagi dunyoda bizni ulkan mafkuraviy o‘zgarishlar hayratga soladi va bu, ayniqsa, Osiyoga tegishlidir. O‘z madaniyatlarining kuchi va moslashuvchanligi tufayli Osiyo asr boshidanoq import qilingan G‘arb mafkuralari kurash maydoniga aylandi. Birinchi jahon urushidan keyin Osiyoda liberalizm juda zaif edi, atigi o‘n yoki o‘n besh yil avval Osiyoning siyosiy kelajagi qanchalik umidsiz ko‘ringanini unutish oson. Shuningdek, Osiyodagi mafkuraviy kurash natijasi jahon siyosiy taraqqiyoti uchun qanchalik muhim ahamiyat kasb etgani ham yoddan ko‘tariladi.

Liberalizmga qarshi Osiyo muqobillari orasida birinchi bo‘lib imperialistik Yaponiya timsolidagi fashizm qat’iy mag‘lubiyatga uchratildi. Germaniyadagi ko‘rinishi singari, u ham Amerika quroli kuchi bilan yo‘q qilindi. G‘olib Qo‘shma Shtatlar esa Yaponiyaga liberal demokratiyani majburan joriy etdi. Yaponlar, albatta, G‘arb kapitalizmi va siyosiy liberalizmini deyarli tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirib yubordilar. Ko‘plab amerikaliklar endi yapon sanoatining tashkil etilishi Amerika yoki Yevropanikidan ancha farq qilishini, hukmron Liberal-demokratik partiya ichidagi fraksiyaviy manevrlarni esa demokratiya deb atash juda shubhali ekanini tushunib yetishgan. Shunga qaramay, iqtisodiy va siyosiy liberalizmning muhim unsurlari yapon an’analari va institutlarining o‘ziga xos sharoitlariga singib ketgani ularning yashovchanlik qobiliyatidan dalolat beradi. Yaponiyaning jahon tarixiga qo‘shgan hissasi bundan-da muhimroq. U Qo‘shma Shtatlar izidan borib, umumbashariy davlatning ham ramzi, ham poydevori bo‘lgan chinakam universal iste’mol madaniyatiga erishdi. V. S. Naypol inqilobdan so‘ng darhol Xumayniy Eroniga sayohat qilar ekan, hamma joyda “Sony”, “Hitachi”, “JVC” mahsulotlarining odatdagidek jozibador reklamalariga duch kelganini qayd etadi – bu esa, albatta, rejimning shariat qonunlariga asoslangan davlatni tiklash da’volari yolg‘on ekanini ko‘rsatardi. Asosan Yaponiya tomonidan yaratilgan iste’mol madaniyatiga qo‘shilish istagi butun Osiyo bo‘ylab iqtisodiy va, demak, siyosiy liberalizmning yoyilishida hal qiluvchi rol o‘ynamoqda.

Yaponiyadan o‘rnak olib sanoatlashtirish yo‘liga o‘tgan Osiyoning boshqa mamlakatlari erishgan iqtisodiy muvaffaqiyat bugun barchaga ayon. Gegelcha nuqtayi nazardan shuni ta’kidlash muhimki, siyosiy liberalizm iqtisodiy liberalizm ketidan bormoqda. Ko‘pchilik kutganidan sekinroq, ammo, aftidan, muqarrar. Bu o‘rinda ham biz yana bir bor umumbashariy davlat g‘oyasining g‘alaba qozonayotganini ko‘ramiz. Janubiy Koreya zamonaviy, urbanizatsiyalashgan jamiyatga aylandi, uning tobora o‘sib borayotgan va yaxshi ta’lim olgan o‘rta sinfi mamlakatda kechayotgan demokratik jarayonlardan chetda qololmaydi. Bunday sharoitda, iqtisodiyotda atigi o‘n yil oldinlab ketgan Yaponiya qirq yildan ortiq vaqtdan beri parlament institutlariga ega bo‘lgan bir paytda, aholining asosiy qismi uchun zamonadan ortda qolgan harbiy rejim hukmronligiga toqat qilib bo‘lmas edi. Hatto Osiyoda yuz berayotgan muhim jarayonlardan uzoq o‘n yilliklar davomida ma’yus bir tarzda ajralib yashagan Birmadagi sotsialistik rejim ham o‘tgan yili iqtisodiy va siyosiy tizimni liberallashtirishga bo‘lgan intilishlar bilan bog‘liq bir qator larzalarni boshdan kechirdi. Aytishlaricha, diktator Ne Vinning baxtsizliklari Birma armiyasining yuqori martabali ofitseri davolanish uchun Singapurga borib, sotsialistik Birma o‘zining ASEAN bo‘yicha qo‘shnilaridan naqadar ortda qolganini ko‘rgach, tushkunlikka tushib qolganidan boshlangan ekan.

Biroq liberal g‘oyaning kuchi, agar u Osiyodagi eng buyuk va eng qadimiy madaniyat – Xitoyga ta’sir o‘tkazmaganida, bunchalik hayratlanarli bo‘lmas edi. Kommunistik Xitoyning mavjudligi o‘z-o‘zidan mafkuraviy jozibaning muqobil qutbini yaratib, liberalizm uchun tahdid tug‘dirar edi. Ammo so‘nggi o‘n besh yil ichida marksizm-leninizm ta’limoti iqtisodiy tizim sifatida deyarli butunlay o‘z obro‘sini yo‘qotdi. Xitoy Kommunistik partiyasi 1978-yildagi o‘ninchi Markaziy Qo‘mitaning mashhur Uchinchi plenumidan so‘ng 800 million xitoylikni qamrab olgan qishloq xo‘jaligini dekollektivizatsiya qilishga kirishdi. Dehqonlar ongiga umumbashariy davlat g‘oyasini singdirish va shu orqali ularning mehnatini rag‘batlantirish maqsadida iste’mol mollari ishlab chiqarish keskin oshirildi, davlatning qishloq xo‘jaligidagi roli esa soliq yig‘ish bilangina cheklandi. Islohot natijasida atigi besh yil ichida g‘alla yetishtirish ikki barobarga oshdi, shu bilan birga, Den Syaopinda islohotni iqtisodiyotning boshqa sohalariga ham yoyish imkonini beradigan mustahkam siyosiy zamin paydo bo‘ldi. Qolaversa, islohot boshlanganida Xitoy namoyon etgan shijoat, tashabbuskorlik va ochiqlikni hech qanday iqtisodiy statistika aks ettira olmaydi.

Bugungi Xitoyni liberal demokratiya deb atashning sira iloji yo‘q. Iqtisodiyotning 20 foizidan ko‘prog‘i bozor relslariga o‘tkazilmagan va eng muhimi, mamlakatni o‘zini o‘zi tayinlagan kommunistik partiya boshqarishda davom etmoqda, bu partiya hokimiyatning boshqa qo‘llarga o‘tishi mumkinligiga zarracha ishora ham qilmaydi. Den Gorbachyovning siyosiy tizimni demokratlashtirish borasidagi va’dalaridan birortasini ham bermagan, oshkoralikning xitoycha muqobili ham mavjud emas. Xitoy rahbariyati Mao va maoizmni tanqid qilishda Gorbachyovning Brejnev va Stalinga nisbatan tanqididan ko‘ra ancha ehtiyotkorlik namoyon etmoqda hamda rejim o‘zining mafkuraviy poydevori sifatida marksizm-leninizmga so‘zda hurmat bajo keltirishda davom etyapti. Biroq bugun Xitoyni boshqarayotgan yangi texnokratik elitaning dunyoqarashi va xatti-harakatlari bilan tanish har qanday kishi marksizm va mafkuraviy tazyiq endi hech qanday siyosiy ahamiyatga ega emasligini, inqilobdan buyon ilk bor bu mamlakatda burjua iste’molchiligi real ma’no kasb etganini yaxshi biladi. Islohotlar davomidagi turli pasayishlar, “ma’naviy ifloslanish”ga qarshi kampaniyalar va siyosiy “og‘ishlar”ga qaratilgan hujumlarni o‘ta murakkab siyosiy o‘tish davrini amalga oshirishda qo‘llaniladigan taktik hiylalar deb hisoblash kerak. Den siyosiy islohot masalasini hal etishdan o‘zini chetga olib, ayni vaqtda iqtisodiyotni yangi negizga o‘tkazish orqali Gorbachyovning qayta qurishiga hamroh bo‘lgan “poydevorlarning yemirilishi”dan qutulib qolishga muvaffaq bo‘ldi. Shunga qaramay, iqtisodiy hokimiyat odamlar qo‘liga o‘tib, iqtisodiyot tashqi dunyo uchun tobora ochiq bo‘lib borar ekan, liberal g‘oyaning jozibasi hamon kuchliligicha qolmoqda. Ayni paytda 20 000 dan ortiq xitoylik talaba AQSH va boshqa G‘arb mamlakatlarida tahsil olmoqda, ularning deyarli barchasi – Xitoy elitasining farzandlari. Ular vataniga qaytib, mamlakat boshqaruviga qo‘shilgach, Xitoyning umumdemokratik jarayonlar ta’sir etmagan Osiyodagi yagona davlat bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘yishlariga ishonish qiyin. Ilk bor 1986-yil dekabrda Pekinda bo‘lib o‘tgan va yaqinda Xu Yaobanning vafoti munosabati bilan takrorlangan talabalar namoyishlari – siyosiy tizimni o‘zgartirishga qaratilgan va muqarrar ravishda kengayib boradigan harakatning debochasidir.

Biroq, Xitoyda kechayotgan jarayonlar nechog‘li muhim bo‘lmasin, aynan “jahon proletariati vatani” – Sovet Ittifoqidagi voqealar marksizm-leninizm tobutining qopqog‘iga so‘nggi mixni qoqmoqda. Gorbachev hokimiyatda bo‘lgan to‘rt yil ichida rasmiy hokimiyat institutlari deyarli o‘zgargani yo‘q: erkin bozor va kooperativ harakat hali ham markazlashgan rejalilik asosida qolayotgan sovet iqtisodiyotining arzimas bir qismini tashkil etadi. Siyosiy tizim hamon endigina demokratlashishni va hokimiyatni boshqa guruhlar bilan bo‘lishishni boshlagan Kommunistik partiya qo‘lida, rejim o‘zining yagona intilishi sotsializmni modernizatsiya qilish ekanini va uning mafkuraviy asosi marksizm-leninizm bo‘lib qolishini ta’kidlashda davom etmoqda, nihoyat, Gorbachevga ko‘p narsani avvalgi holiga qaytarishga qodir bo‘lgan salohiyatli kuchli konservativ muxolifat qarshi turibdi. Bundan tashqari, Gorbachev taklif qilgan iqtisodiy va siyosiy islohotlarning muvaffaqiyatiga umid bilan qarash qiyin. Biroq, mening bu yerdagi vazifam yaqin orada yuz beradigan voqealarni tahlil qilish yoki nimadir bashorat qilish emas, men uchun mafkura va ong sohasidagi chuqur tendensiyalarni ko‘ra bilish muhim. Bu boradagi o‘zgarishlar esa shunchaki hayratlanarli ekani ayon.

Sovet Ittifoqidan kelgan muhojirlarning xabar berishicha, mamlakatda deyarli hech kim marksizm-leninizmga ishonmay qo‘ygan va bu, ayniqsa, marksistik shiorlarni shunchaki yuzsizlarcha aytib yurgan sovet elitasida yaqqol namoyon bo‘ladi. Qolaversa, Brejnev davrining so‘nggidagi sovet davlatining korrupsiyasi va tanazzuli unchalik ahamiyatga ega emas edi, chunki davlatning o‘zi sovet jamiyati poydevorini tashkil etgan fundamental tamoyillarning birortasini shubha ostiga olishdan bosh tortar ekan, tizim shunchaki inersiya bilan ishlashga, hatto tashqi siyosat va mudofaa sohasida jo‘shqinlik ko‘rsatishga qodir edi. Marksizm-leninizm o‘ziga xos bir sehrli afsun bo‘lib, elita sovet jamiyatini boshqarishga rozi bo‘lishi uchun tayanishi mumkin bo‘lgan yagona umumiy zamin edi. Buning bari qanchalik bema’ni va mantiqsiz bo‘lgani esa muhim emas edi.

Gorbachev hokimiyat tepasiga kelgach, to‘rt yil ichida sodir bo‘lgan voqealar stalinizmning eng fundamental institutlari va tamoyillariga qarshi inqilobiy xuruj bo‘lib, ularning o‘rnini so‘zning asl ma’nosida hali liberal bo‘lmasa-da, aynan liberalizm bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa institutlar egallaganini ko‘rsatadi. Bu, ayniqsa, iqtisodiy sohada yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu sohada Gorbachev atrofidagi islohotchi iqtisodchilar erkin bozorni qo‘llab-quvvatlash borasida radikal pozitsiyani egalladilar, shu bois, masalan, Nikolay Shmelev uni omma oldida Milton Fridman bilan solishtirishlariga e’tiroz bildirmaydi. Bugungi kunda iqtisodchilar orasida markazlashgan rejalashtirish va buyruqbozlikka asoslangan taqsimot tizimi iqtisodiy samarasizlikning bosh sababi ekani, agar sovet tizimi qachondir o‘z illatlarini davolamoqchi bo‘lsa, investitsiyalar, ishga yollash va narxlar bo‘yicha erkin va markazlashmagan qarorlar qabul qilishga ruxsat berishi kerakligi haqida yakdil fikr mavjud. Dastlabki ikki yillik mafkuraviy sarosimalardan so‘ng, korxonalarning mustaqilligi, kooperativlar va nihoyat, 1988-yilda ijara hamda oilaviy fermerlik to‘g‘risidagi yangi qonunlarning qabul qilinishi bilan bu tamoyillar siyosatga joriy etildi. Albatta, islohotlarni amalga oshirishda bir qator jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan, ularning eng jiddiyi – narxlarni qat’iy qayta ko‘rib chiqishdan voz kechilganidir. Biroq, endi gap konsepsiyada emas: Gorbachev va uning jamoasi bozor iqtisodiyotini joriy etishning mantiqini ancha yaxshi tushunganga o‘xshaydi, lekin xuddi XVF (Xalqaro valyuta jamg‘armasi) bilan to‘qnash kelgan uchinchi dunyo mamlakatlari rahbarlari singari, iste’mol subsidiyalari va aholining davlat sektoriga qaramligining boshqa shakllaridan voz kechishning ijtimoiy oqibatlaridan cho‘chimoqda.

Siyosiy sohada konstitutsiya, huquqiy tizim va partiyaga kiritish uchun taklif etilgan o‘zgartirishlar liberal davlat qurish degani emas. Gorbachev partiyaning hokimiyatdagi monopoliyasiga barham berish haqida emas, asosan partiya ichidagi demokratlashtirish to‘g‘risida gapiradi. Mohiyatan, siyosiy islohot KPSS hokimiyatini qonuniylashtirish va shu orqali mustahkamlashga qaratilgan. Shunga qaramay, ko‘plab islohotlarga asos bo‘lgan umumiy qoidalar, jumladan, xalqning “o‘zini o‘zi boshqarishi”, yuqori siyosiy organlarning quyi organlar oldida hisobdorligi (bunung aksi emas), qonunning politsiyaning o‘zboshimcha harakatlaridan ustun turishi va hokimiyatlar bo‘linishi hamda mustaqil sudga tayanishi, mulk huquqining himoya qilinishi, ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni ochiq muhokama qilish va ommaviy norozilik bildirish huquqining zarurligi, butun xalq ishtirok eta oladigan Sovetlarning hokimiyatga ega bo‘lishi, siyosiy madaniyatning yanada bag‘rikeng va plyuralistik bo‘lishi kerakligi kabi tamoyillarning barchasi, garchi puxta ifodalanmagan va amalda arang ishlayotgan bo‘lsa-da, marksizm-leninizm an’anasiga tubdan yot bo‘lgan manbadan kelib chiqqan.

Gorbachyovning go‘yoki leninizmning asl mohiyatiga qaytishga intilayotgani haqidagi bir necha bor aytgan gaplari, o‘z-o‘zidan, Oruellning “qo‘shfikr”lashining[11] bir ko‘rinishi, xolos. Gorbachyov va uning ittifoqchilari partiya ichidagi demokratiya – leninizmning mohiyatiga o‘xshash narsa ekanligini, ochiq munozaralar, saylovlardagi yashirin ovoz berish va qonun ustuvorligi go‘yoki Stalin tomonidan buzib ko‘rsatilgan lenincha meros ekanligini qat’iyat bilan takrorlab keladilar. Garchi Stalinning yonida deyarli har qanday odam farishtadek ko‘rinishi mumkin bo‘lsa-da, Lenin va uning vorisi o‘rtasidagi bunday keskin qarama-qarshilik ishonarsiz tuyuladi. Leninning demokratik sentralizmining mohiyati demokratiya emas, aynan sentralizmdir. Bu xalq nomidan ish yuritadigan, iyerarxik tarzda tashkil topgan kommunistik partiya avangardining mutlaqo qattiqqo‘l, monolit va intizomga asoslangan diktaturasidir. Leninning Karl Kautskiy, Roza Lyuksemburg hamda mensheviklar va sotsial-demokratlar safidagi boshqa raqiblari bilan bo‘lgan barcha beadab polemikasi, “burjua qonuniyligi” va burjua erkinliklarini mensimasligini-ku aytmasa ham bo‘ladi, uning demokratik tashkilot yordamida inqilobni amalga oshirish mumkin emas, degan qat’iy ishonchiga asoslangan edi.

Gorbachyovning bayonotlarini to‘la tushunsa bo‘ladi: stalinizm va brejnevizmni butunlay fosh qilib, bugungi qiyinchiliklarda ularni ayblagach, u KPSS hokimiyatining qonuniyligini asoslash uchun qandaydir bir tayanch nuqtasiga muhtoj edi. Biroq Gorbachyovning bu taktikasi u iqtisodiy va siyosiy sohalarda e’lon qilgan demokratlashtirish va markazsizlashtirish tamoyillari marksizmning ham, leninizmning ham fundamental qoidalariga o‘ta halokatli zarba berishini bizdan yashirolmasligi kerak. Agar iqtisodiy islohot bo‘yicha takliflarning aksariyati amalga oshirilganda edi, sovet iqtisodiyotining yirik milliylashtirilgan sektorga ega bo‘lgan G‘arb mamlakatlari iqtisodiyotidan nima bilan farq qilishini aytish qiyin bo‘lardi.

Ayni paytda Sovet Ittifoqini hech qanday liberal yoki demokratik mamlakat deb bo‘lmaydi. Qayta qurish yaqin kelajakda ushbu mamlakatga bunday ta’rifni qo‘llash mumkin bo‘ladigan darajada muvaffaqiyatli kechishi ham dargumon. Biroq tarixning yakunida barcha jamiyatlarning liberal bo‘lishi shart emas, jamiyat qurilishining boshqacha, yuksakroq shakllariga bo‘lgan mafkuraviy da’volar unutilsa, shuning o‘zi kifoya. Shu jihatdan olganda, Sovet Ittifoqida so‘nggi ikki yil ichida juda muhim o‘zgarishlar yuz berdi: Gorbachyov ruxsat bergan sovet tizimi tanqidi shu qadar chuqur va vayronkor bo‘ldiki, stalinizm yoki brejnevizmga qaytish ehtimoli juda kamayib ketdi. Gorbachyov nihoyat odamlarga yillar davomida anglab yurgan gaplarini aytishga imkon berdi, ya’ni marksizm-leninizmning sehrli jumlalari safsata ekani, sovet sotsializmi buyuk yutuq emas, balki aslida ulkan mag‘lubiyat ekanini tan oldirdi. SSSRda ishsizlik va inflyatsiyadan qo‘rqadigan oddiy ishchilar hamda o‘z o‘rni va imtiyozlariga yopishib olgan partiya amaldorlaridan iborat konservativ muxolifat o‘z qarashlarini ochiqchasiga, yashirmay bildirmoqda va yaqin yillarda Gorbachyovni hokimiyatdan chetlatish uchun yetarlicha kuch to‘plashi ham mumkin. Ammo bu ikki guruh ham faqat an’analar, tartib va poydevorni saqlab qolish tarafdori, xolos, ular marksizm-leninizmga, garchi umrlarining katta qismini shunga bag‘ishlagan bo‘lsalar-da, unchalik chuqur sodiq emaslar. Gorbachyovning halokatli faoliyatidan so‘ng Sovet Ittifoqida hokimiyat nufuzini tiklash faqat yangi va kuchli mafkura asosidagina mumkin, biroq bunday mafkura hozircha ufqda ko‘rinmayapti.

Bir lahzaga fashizm va kommunizm mavjud emas deb faraz qilaylik: unda liberalizmning yana qandaydir mafkuraviy raqiblari qoladimi? Yoki boshqacha aytganda: liberal jamiyatning o‘z doirasida hal etib bo‘lmaydigan ziddiyatlari bormi? Bu o‘rinda ikkita ehtimol paydo bo‘ladi: din va millatchilik.

So‘nggi paytlarda xristian va musulmon an’analari doirasida diniy fundamentalizmning kuchayayotganini hamma qayd etmoqda. Ayrimlar dinning qayta jonlanishini odamlarning liberal iste’molchi jamiyatlardagi shaxssizlik va ma’naviy bo‘shliqdan chuqur noroziligining isboti deb bilishga moyil. Biroq, bu bo‘shliq haqiqatan ham mavjud va liberalizmning mafkuraviy nuqsoni ekaniga qaramay, bundan bizning istiqbolimiz din degan xulosa kelib chiqmaydi. Qolaversa, bu nuqsonni siyosiy vositalar bilan bartaraf etish mumkinligi ham aniq emas. Zero, liberalizmning o‘zi ham dinga asoslangan jamiyatlar farovon hayot masalasida kelisha olmay, tinchlik va barqarorlikning eng oddiy sharoitlarini ham ta’minlay olmasligini anglab yetgan bir paytda yuzaga kelgan. Bugungi kunda liberalizm va kommunizmga siyosiy muqobil sifatida teokratik davlat g‘oyasi faqat islom tomonidan ilgari surilmoqda. Biroq bu ta’limot g‘ayrimusulmonlar uchun jozibador emas va ushbu harakatning keng yoyilishini tasavvur qilish qiyin. Boshqa, kamroq uyushgan diniy ehtiyojlar esa liberal jamiyat ruxsat bergan shaxsiy hayot doirasida muvaffaqiyatli qondirilmoqda.

Liberalizm doirasida hal etib bo‘lmaydigan yana bir “ziddiyat” – bu millatchilik hamda irqiy va etnik o‘zlikni anglashning boshqa shakllaridir. Darhaqiqat, Yena jangidan buyon yuz bergan ko‘plab mojarolar millatchilik tufayli kelib chiqqan. Ushbu asrdagi ikki dahshatli jahon urushi ham millatchilikning turli qiyofalari mahsulidir, bu ehtiroslar urushdan keyingi Yevropada ma’lum darajada so‘ngan bo‘lsa-da, “uchinchi dunyo” mamlakatlarida hamon nihoyatda kuchli. Millatchilik Germaniyada liberalizm uchun xavf tug‘dirgan va hozirda ham “post-tarixiy” Yevropaning Shimoliy Irlandiya kabi alohida qismlarida unga tahdid solishda davom etmoqda.

Biroq millatchilik liberalizm uchun chindan ham yechib bo‘lmas ziddiyat ekani mavhum. Birinchidan, millatchilik bir xil hodisa emas, u mo‘tadil madaniy xotiradan tortib, yuksak darajada uyushgan va puxta ishlab chiqilgan natsional-sotsializmgacha bo‘lgan bir necha turli hodisalarni o‘z ichiga oladi. Faqatgina oxirgi turdagi tizimli millatchiliklargina rasman liberalizm yoki kommunizm bilan qiyoslanadigan mafkuralar deb hisoblanishi mumkin. Dunyodagi millatchilik harakatlarining aksariyati siyosiy dasturga ega emas va ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishning biror-bir o‘ylangan loyihasini taklif qilmasdan, shunchaki qaysidir guruh yoki xalqdan mustaqil bo‘lishga intilishdan iborat. Shu bois ular shunday loyihalarga ega bo‘lgan ta’limot va mafkuralar bilan sig‘isha oladi. Garchi ular liberal jamiyatlar uchun nizo manbai bo‘la olsa-da, bu ziddiyat liberalizmning o‘zidan emas, balki uning to‘liq amalga oshirilmaganidan kelib chiqadi. Albatta, etnik va millatchilik keskinligini ko‘p jihatdan xalqlarning o‘zlari tanlamagan nodemokratik siyosiy tizimlarda yashashga majbur ekani bilan izohlash mumkin.

To‘satdan yangi mafkuralar yoki ilgari ko‘zga tashlanmagan ziddiyatlar paydo bo‘lishi ehtimolini inkor etib bo‘lmaydi (garchi zamonaviy dunyo ijtimoiy-siyosiy tuzilishning asosiy tamoyillari 1806-yildan beri unchalik o‘zgarmaganini tasdiqlayotgandek tuyulsa-da). Keyinchalik ko‘plab urushlar va inqiloblar o‘zini liberalizmdan ilg‘orroq deb e’lon qilgan mafkuralar nomidan amalga oshirildi, biroq tarix, oxir-oqibat, bu da’volarni fosh qildi.

Xalqaro munosabatlar sohasi uchun tarixning tugashi nimani anglatadi? Uchinchi dunyoning aksar qismi tarixning chekkasida qolib, ko‘p yillar davomida ziddiyatlar maydoni bo‘lib xizmat qilishi aniq. Biroq hozir biz e’tiborimizni jahon siyosatining asosiy qismi uchun mas’ul bo‘lgan yirikroq va rivojlangan mamlakatlarga qaratamiz. Rossiya va Xitoyning yaqin kelajakda G‘arbning rivojlangan millatlari safiga qo‘shilishi dargumon; ammo bir lahzaga tasavvur qiling: marksizm-leninizm bu mamlakatlarning tashqi siyosatini harakatga keltiruvchi omil bo‘lishdan to‘xtaydi – bu hali haqiqatga aylanmagan, lekin so‘nggi paytlarda ehtimoli ancha ortgan holat. O‘shanda, mafkuradan xoli dunyo o‘zining umumiy xususiyatlari bilan biz yashayotgan dunyodan qanday farq qiladi?

Odatda, ular o‘rtasida deyarli hech qanday farq bo‘lmaydi, deb javob berishadi. Zero, mafkura – buyuk davlatchilik manfaatlarining shunchaki niqobidir va aynan shu narsa millatlar o‘rtasidagi raqobat va ziddiyatlarning ancha yuqori darajada bo‘lishiga sabab bo‘ladi, degan fikr keng tarqalgan. Darhaqiqat, akademik doiralarda ommalashgan bir nazariyaga ko‘ra, ziddiyat xalqaro tizimning o‘ziga xosdir va uning istiqbollarini tushunish uchun tizimni tashkil etuvchi aniq millatlar va rejimlarga emas, balki tizimning shakliga – masalan, uning ikki qutbli yoki ko‘p qutbli ekaniga qarash lozim. Mohiyatan, bu yerda siyosatga Gobbscha qarash xalqaro munosabatlarga tatbiq etilgan: tajovuzkorlik va xavfsizlikning yo‘qligi tarixiy sharoitlar mahsuli sifatida emas, balki jamiyatning universal xususiyatlari sifatida olinadi.

Bu fikr yo‘nalishidagi mulohaza tarafdorlari mafkuradan xoli dunyoning namunasi sifatida o‘n to‘qqizinchi asrdagi Yevropa muvozanati davrida mavjud bo‘lgan munosabatlarni oladilar. Masalan, Charlz Krautxammer yaqinda yozganidek, agar Gorbachev islohotlari natijasida SSSR marksizm-leninizm mafkurasidan voz kechsa, mamlakat o‘tgan asrdagi Rossiya imperiyasi siyosatiga qaytadi. Buni kommunistik Rossiyadan kelayotgan tahdiddan afzalroq deb bilgan holda, u shunday xulosa qiladi: raqobat va ziddiyatlar, aytaylik, Rossiya bilan Buyuk Britaniya yoki Kayzer Germaniyasi o‘rtasidagi kabi davom etaveradi. Albatta, bu Sovet Ittifoqida muhim bir narsa yuz berayotganini tan oladigan, biroq bundan kelib chiqadigan siyosatni tubdan qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qilish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olishni istamaydigan odamlar uchun qulay nuqtayi nazardir. Lekin bu nuqtayi nazar to‘g‘rimi?

Mafkura — buyuk davlatning o‘zgarmas manfaatlariga nisbatan shunchaki bir ustqurma, degan qarash ancha bahslidir. Zero, davlatning o‘z milliy manfaatlarini belgilash usuli universal emas, u xuddi iqtisodiy xulq-atvor ongning avvalgi holatiga tayanganidek, o‘zidan oldingi mafkuraviy zaminga tayanadi. Bu asrda davlatlar ekspansionizmni qonuniylashtiradigan aniq-ravshan tashqi siyosat dasturlariga ega, ancha puxta ishlangan doktrinalarni o‘zlashtirib oldi.

O‘n to‘qqizinchi asrdagi ekspansionizm va raqobat ham kam bo‘lmagan “g‘oyaviy” zaminga asoslangan edi, faqat ularni harakatga keltiruvchi mafkura yigirmanchi asr ta’limotlarichalik puxta ishlab chiqilmagan edi, xolos. Birinchidan, eng “liberal” Yevropa jamiyatlarining o‘zi noliberallikka yo‘g‘rilgan edi, chunki ular imperializmning qonuniyligiga, ya’ni bir millatning, istaydimi-yo‘qmi, boshqa millatlar ustidan hukmronlik qilish huquqiga ishonardi. Har bir millat imperializmni o‘zicha oqlardi: ayniqsa, yevropalik bo‘lmaganlar haqida gap ketganda, “kuch ishlatgan — haq” degan dag‘al e’tiqoddan tortib, Oq odamning ulug‘ mas’uliyati, Yevropaning xristianlashtirish missiyasi va “rangli”larga Rable va Molyer madaniyatini “in’om etish” istagigacha. Ammo u yoki bu mafkuraviy zamin qanday bo‘lishidan qat’i nazar, har bir “rivojlangan” mamlakat yuksak sivilizatsiyaning quyi sivilizatsiya ustidan hukmronligi maqbul ekanligiga ishongan. Bu esa, asrning ikkinchi yarmida hududiy bosqinlarga olib keldi va ko‘p jihatdan jahon urushining kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.

O‘n to‘qqizinchi asr imperializmining xunuk mevasi nemis fashizmi bo‘ldi – bu mafkura Germaniyaning nafaqat yevropalik bo‘lmagan, balki barcha geyermon bo‘lmagan xalqlar ustidan hukmronlik qilish huquqini oqlardi. Biroq, o‘tmishga nazar tashlasak, Gitler Yevropa taraqqiyotining umumiy yo‘nalishidagi nosog‘lom bir shoxobchani ifodalagan ko‘rinadi. Uning shov-shuvli mag‘lubiyatidan so‘ng, har qanday turdagi hududiy bosqinlarning qonuniyligi batamom obro‘sizlantirildi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa millatchiligi zararsizlantirildi va tashqi siyosatga har qanday ta’sir o‘tkazishdan mahrum bo‘ldi, buning natijasida XIX asrdagi buyuk davlatchilik xulq-atvori modeli haqiqiy anaxronizmga aylandi. 1945-yildan so‘ng G‘arbiy Yevropa davlatlari duch kelgan millatchilikning eng ashaddiy shakli asosan madaniyat va siyosiy xurujlar sohasida o‘zini ko‘rsatgan gollizm edi. Tarix yakuniga yetgan dunyo qismida xalqaro hayot siyosat yoki harbiy strategiyadan ko‘ra ko‘proq iqtisodiyot bilan band.

Albatta, G‘arb mamlakatlari o‘z mudofaasini mustahkamlab, urushdan keyingi davrda jahon kommunistik xavfini qaytarishga faol tayyorgarlik ko‘rdi. Biroq bu holat tashqi tahdid tufayli yuzaga kelgan bo‘lib, agar ekspansionistik mafkurani ochiqdan-ochiq o‘ziga dastur qilib olgan davlatlar bo‘lmaganida, u ham bo‘lmas edi. “Neorealistik” nazariyani jiddiy qabul qilish uchun biz, agar Rossiya va Xitoy yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketsa, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) davlatlari o‘rtasida raqobat ruhidagi “tabiiy” xulq-atvor yana o‘zini tiklaydi, deb ishonishimiz kerak. Ya’ni, G‘arbiy Germaniya va Fransiya 30-yillarda bo‘lgani kabi bir-biriga xavfsirab qarab qurollanar, Avstraliya va Yangi Zelandiya Afrikada ta’sir o‘tkazish uchun kurashib, harbiy maslahatchilar yuborar, Qo‘shma Shtatlar va Kanada o‘rtasidagi chegarada esa istehkomlar qurilar emish. Bunday istiqbol, albatta, kulgili: agar markscha-lenincha mafkura bo‘lmaganida, biz jahon siyosatida parchalangan Yevropa iqtisodiy hamjamiyati va o‘n to‘qqizinchi asr uslubidagi raqobat o‘rniga, katta ehtimol bilan, “umumiy bozor”ga ega bo‘lardik. Terrorizm yoki Liviya masalalarida Yevropa bilan muloqot tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, yevropaliklar xalqaro siyosatda, hatto o‘z-o‘zini himoya qilish maqsadida ham kuch ishlatishning qonuniyligini inkor etishda bizdan ancha ilgarilab ketgan.

Binobarin, Rossiya ekspansionistik kommunistik mafkuradan voz kechib, bolsheviklar inqilobidan oldin to‘xtab qolgan joyidan yana ish boshlaydi, degan taxmin shunchaki g‘alati. Nahotki, inson ongi shuncha vaqt bir joyda qotib qolgan bo‘lsa-yu, bugungi kunda iqtisodiyot sohasidagi urfga kirgan g‘oyalarni ilib olayotgan Sovetlar bir asr muqaddam eskirgan qarashlarga qaytsa? Axir, Xitoy o‘z islohotlarini boshlaganidan keyin unday bo‘lmadi-ku. Xitoy ekspansionizmi deyarli yo‘qoldi: Pekin endi maoist isyonchilar[12]ga homiylik qilayotgani yo‘q va 60-yillardagidek olis Afrika mamlakatlariga o‘z tartibini o‘rnatishga urinmayapti. Bu, albatta, Xitoyning zamonaviy tashqi siyosatida ballistik raketa texnologiyasini Yaqin Sharqqa mas’uliyatsizlik bilan sotish yoki “qizil kxmerlar”[13]ning Vyetnamga qarshi harakatlarini moliyalashtirish kabi xavotirli jihatlar qolmadi, degani emas. Biroq, birinchisi tijoriy mulohazalar bilan izohlansa, ikkinchisi mafkuraviy sabablarga ko‘ra kelib chiqqan o‘tmishdagi ziddiyatlarning asoratidir. Yangi Xitoy Birinchi jahon urushi arafasidagi Germaniyadan ko‘ra ko‘proq gollistik Fransiyani eslatadi.

Biroq, bizning kelajagimiz sovet elitasi umuminsoniy davlat g‘oyasini qay darajada o‘zlashtirishiga bog‘liq. Nashrlar va shaxsiy uchrashuvlardan shunday aniq xulosaga kelamanki, Gorbachev atrofida to‘plangan liberal sovet ziyolilari tarixning intiho topishi g‘oyasini aql bovar qilmas darajada qisqa muddatda anglab yetdilar. Bu esa, asosan, postbrejnev davrida Yevropa sivilizatsiyasi bilan bo‘lgan aloqalar natijasidir. “Yangi siyosiy tafakkur” iqtisodiy manfaatlar hukmronlik qiladigan, millatlar o‘rtasidagi jiddiy mojarolar uchun mafkuraviy asoslar mavjud bo‘lmagan va shu sababli harbiy kuch qo‘llash tobora noqonuniy bo‘lib borayotgan dunyo manzarasini chizadi. 1988-yil o‘rtalarida tashqi ishlar vaziri Shevardnadze ta’kidlaganidek: “...Ikki tizimning qarama-qarshiligi endi zamonaviy davrning yetakchi tendensiyasi sifatida qaralishi mumkin emas. Hozirgi bosqichda ilg‘or ilm-fan, yuksak texnika va texnologiya asosida moddiy ne’matlarni jadal sur’atlar bilan ko‘paytirish va ularni adolatli taqsimlash, insoniyatning o‘zini o‘zi saqlab qolishi uchun zarur bo‘lgan resurslarni birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan tiklash va himoya qilish qobiliyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda”.

“Yangi tafakkur” timsolidagi posttarixiy ong – Sovet Ittifoqi uchun yagona mumkin bo‘lgan kelajakdir. Sovet Ittifoqida doimo buyuk rus shovinizmining kuchli oqimi mavjud bo‘lgan va oshkoralikning kirib kelishi bilan u o‘zini ifoda etish uchun katta erkinlikka ega bo‘ldi. Gorbachev barbod qilgan “ustunlar”ni tiklashga intilayotganlar uchun an’anaviy marksizm-leninizmga qaytish ma’lum muddat shunchaki bir yig‘in nuqtasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ammo Polshadagi kabi, marksizm-leninizm ommani safarbar etuvchi mafkura sifatida o‘likdir: uning bayrog‘i ostida odamlarni yaxshiroq ishlashga majburlab bo‘lmaydi, uning tarafdorlari esa o‘zlariga bo‘lgan ishonchni yo‘qotib bo‘lgan. An’anaviy marksizm-leninizm targ‘ibotchilaridan farqli o‘laroq, SSSRdagi o‘ta millatchilar o‘zlarining slavyanparastlik da’vatlariga qattiq ishonadilar va bu yerda fashistik muqobil hali ham jonlidek tuyuladi.

Shunday qilib, Sovet Ittifoqi chorrahada turibdi: u yo qirq besh yil avval G‘arbiy Yevropa tanlagan va aksariyat Osiyo mamlakatlari ergashgan yo‘ldan boradi, yo o‘zining betakrorligiga ishonib, bir joyda qotib qoladi. Qilinajak tanlov biz uchun g‘oyat katta ahamiyatga ega bo‘ladi, chunki Ittifoqning hududi va harbiy qudratini inobatga olsak, u hamon e’tiborimizni o‘ziga tortib, bizning allaqachon tarixning narigi tomonida ekanimizni anglashimizga xalal beradi.

Marksizm-leninizmning avval Xitoyda, so‘ngra Sovet Ittifoqida yo‘qolishi uning jahonshumul-tarixiy ahamiyatga molik hayotiy mafkura sifatida barbod bo‘lganini anglatadi. Garchi Managua, Pxenyan yoki Kembrij (Massachusets shtati) kabi joylarda alohida sodiq marksistlar qolsa-da, birorta yirik davlat bu mafkurani o‘ziga qurol qilib olmasligi uning tarixdagi yetakchilik roliga bo‘lgan da’volarini butkul yo‘qqa chiqaradi. Uning halokati ayni vaqtda xalqaro munosabatlarda “umumiy bozor”ning kengayishini anglatadi va jiddiy davlatlararo nizo ehtimolini kamaytiradi.

Bu xalqaro nizolarning butunlay yo‘q bo‘lib ketishini aslo anglatmaydi. Zero, o‘sha davrda ham dunyo ikki qismga bo‘lingan bo‘ladi: biri tarixga, ikkinchisi posttarixga mansub bo‘ladi. Posttarixga mansub davlatlar bilan dunyoning yuqorida zikr etilgan qismlariga mansub davlatlar o‘rtasidagi nizo saqlanib qolishi mumkin. Etnik va millatchilik zaminidagi zo‘ravonlikning yuqori va hatto tobora kuchayib boruvchi darajasi saqlanib qoladi, negaki bu turtkilar posttarixiy dunyoda ham o‘zini o‘zi tugatmaydi. Falastinliklar va kurdlar, sikxlar va tamillar, irland katoliklari va uelsliklar, armanlar va ozarbayjonlar o‘z alamlarini to‘plab, ardoqlab yuraveradilar. Bundan kelib chiqadiki, terrorizm ham, milliy ozodlik urushlari ham kun tartibidan tushmaydi. Biroq jiddiy nizo uchun hali ham tarix doirasida qolayotgan yirik davlatlar kerak, lekin aynan o‘shalar tarix sahnasini tark etmoqda.

Tarixning intiho topishi g‘amgindir. E’tirof uchun kurash, mutlaqo mavhum bir maqsad yo‘lida jonni garovga qo‘yishga tayyorlik, jasorat, tasavvur va g‘oyaviylikni talab etadigan mafkuraviy kurash – bularning barchasi o‘rnini iqtisodiy hisob-kitob, tuganmas texnik muammolar, ekologiya haqidagi qayg‘ular va iste’molchining nozik didiga moslashish tashvishlari egallaydi. Posttarixiy davrda na san’at, na falsafa bor, faqat insoniyat tarixining puxtalik bilan qo‘riqlanadigan muzeyigina mavjud. Men o‘zimda ham, atrofdagilarda ham tarix mavjud bo‘lgan zamonlarni qo‘msash hissini sezaman. Bu sog‘inch yana bir muddat raqobat va nizolarni oziqlantirib turadi. Posttarixiy dunyoning muqarrarligini tan olgan holda, 1945-yildan so‘ng Yevropada vujudga kelgan sivilizatsiyaga, uning Shimoliy Atlantika va Osiyo shoxobchalariga nisbatan eng ziddiyatli tuyg‘ularni his etaman. Balki aynan mana shu ko‘p asrlik zerikish istiqboli tarixni yana bir bor, yangidan boshlashga majbur qilar?

Izohlar:

[1] Demokratik-egalitar atamasi ikki tushunchaning birlashuvidan iborat. "Demokratiya" siyosiy erkinlik va ko'pchilik boshqaruvini anglatsa, "egalitarizm" (fransuzcha égalité – tenglik) jamiyatda moddiy ne'matlar, huquq va imkoniyatlarning barcha insonlar o'rtasida adolatli va teng taqsimlanishini anglatadi. Tarixiy bosqichlar nuqtai nazaridan bu – insonlar tabaqalarga ajratilmaydigan, huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan mutlaq teng huquqli bo'lgan yakuniy jamiyat shaklidir (Tarjimon izohi).

[2] Tarixiy relyativizm – tarixiy jarayonlar, siyosiy va huquqiy tizimlarni mutlaq haqiqat deb emas, balki faqat o'z muhiti va davri uchungina to'g'ri (nisbiy) deb biluvchi yondashuv. Gegel tarixni aniq bir maqsad (yakuniy va mukammal davlat) sari intiluvchi mantiqiy jarayon deb bilgan bo'lsa, tarixiy relyativizm buni inkor etadi va barcha davrlardagi tuzumlarni bir-biriga tenglashtirib, tarixning qandaydir uzil-kesil oliy nuqtasi (intihosi) borligini rad etadi (Tarjimon izohi.)

[3] Ekzistensializm (lotincha exsistentia – mavjudlik) – "mavjudlik mohiyatdan oldin keladi" degan tamoyilga asoslangan falsafiy oqim. Ekzistensialistlar (xususan, matnda tilga olingan Jan-Pol Sartr) insonni hech qanday oldindan yozilgan ssenariysiz, o'z hayoti va qadriyatlarini mutlaq erkinlikda o'zi tanlashga mahkum etilgan mavjudot sifatida talqin qiladi. Inson nimaiki qilsa, faqat o'z tanlovi bilan qiladi va buning uchun faqat o'zi javobgardir (Tarjimon izohi).

[4] Dixotomiya (yunoncha dicha – ikki qismga va tome – bo'lish, kesish) – obyektlarni o'zaro kesishmaydigan, bir-biriga mutlaqo zid bo'lgan ikki qutbga ajratish (masalan: oq va qora, yaxshilik va yomonlik). Marksistik qarashlarga ko'ra, "proletar va kapitalist o'rtasidagi dixotomiya" jamiyatning shunchaki turli qatlamlarga emas, balki bir-birini inkor qiluvchi, manfaatlari hech qachon tutashmaydigan va doimiy kurashda bo'ladigan ikkita asosiy qutbga bo'linishini anglatadi (Tarjimon izohi).

[5] Ekssentrik (lotincha excentricus – markazdan uzoqlashgan) – umume'tirof etilgan me'yorlarga va odatiy fikrlash tarziga mos kelmaydigan, g'alati va g'ayrioddiy degan ma'noni bildiradi. Matnda Kojevning g'oyalari ko'pchilikning qarashlariga mutlaqo teskari bo'lganiga urg'u berilmoqda (Tarjimon izohi).

[6] Solipsizm (lotincha solus – yagona va ipse – o'zim) – falsafada "faqatgina insonning o'z ongi haqiqiy mavjud, qolgan barcha tashqi dunyo va voqealar uning tasavvuri mahsulidir" degan g'oya. Ushbu matnda bu atama atrofda kechayotgan real voqelikdan (Jahon va Sovuq urush dahshatlaridan) mutlaqo uzilib qolgan, faqat o'zining xayoliy intellektual xulosalari ichida yashaydigan mutafakkir holatini tasvirlash uchun qo'llangan (Tarjimon izohi).

[7] Ekspansionistik (lotincha expansio – kengayish) – bir davlatning o'z chegaralarini qo'shni xalqlar va davlatlar hisobiga harbiy yo'l bilan kengaytirib borish g'oyasi. Bu o'rinda fashizm va natsizmning asosiy maqsadlaridan biri bo'lgan mudofaa emas, balki to'xtovsiz bosqinchilik ("yashash maydonini kengaytirish") siyosati nazarda tutilgan. Aynan shu hududiy ochko'zlik cheksiz urushlarga va oxir-oqibat ularning o'z halokatiga olib kelgan (Tarjimon izohi).

[8] Peronizm va protofashistik harakatlar – Bu o'rinda muallif XX asr o'rtalarida Germaniya va Italiyadagi natsistik/fashistik rejimlarga havas qilib yaratilgan, ularning mafkurasiga taqlid qilgan (masalan, Argentinadagi X. Peron hukumati yoki Hindistondagi millatchi harakatlar), biroq fashizmning mutlaq rejimiga aylanib ulgurmagan "chala fashistik" (protofashistik) harakatlarni misol qilib keltirmoqda. Urushda fashizm mag'lub bo'lgach, bu kabi taqlidchi harakatlar ham o'z jozibasini yo'qotgan (Tarjimon izohi).

[9] Revizionistik dasturlar – bu o'rinda G'arbiy Yevropadagi (masalan, Italiya yoki Fransiyadagi) yirik kommunistik partiyalarning SSSR andozasidan va qat'iy marksizmdan voz kechib, bozor iqtisodiyoti hamda demokratik qadriyatlar bilan murosaga kelgan holda ishlab chiqqan "qayta ko'rib chiqilgan" dasturlari (yevrokommunizm) nazarda tutilmoqda (Tarjimon izohi).

[10] Etatizm – davlatning iqtisodiyotga bevosita va keng ko'lamli aralashuvini yoqlovchi ta'limot. Matnda tilga olingan 1980-yillardagi AQSh va Buyuk Britaniyadagi siyosiy burilishlar (Reygan va Tetcher davri) aynan hukumatning iqtisodiyotni ortiqcha nazorat qilishiga (etatizmga) qarshi kurashib, erkin bozor munosabatlarini himoya qilgani bilan xarakterlanadi (Tarjimon izohi).

[11] "Qo'shfikrlash" – Jorj Oruellning "1984" asaridagi atama bo'lib, o'zaro ziddiyatli ikki fikrga bir vaqtda ishonishni bildiradi. Fukuyama bu o'rinda Gorbachyovning xatti-harakatlaridagi mantiqsizlikka ishora qilmoqda: Gorbachyov amalda kommunistik tizimni yemiruvchi liberal islohotlarni olib borgan bo'lsa-da, buni so'zda "Lenin g'oyalarining asl mohiyatiga qaytish" deb xaspo'shlashi aynan shu "qo'shfikrlash"ning (ikkita mutlaqo teskari narsani bir narsa deb uqtirishning) yaqqol namunasidir (Tarjimon izohi).

[12] Maoist isyonchilar – Mao Szedunning marksizm-leninizmga kiritgan, asosan qishloq ahliga va uzluksiz inqilobga tayangan ta'limotiga ergashuvchi qurolli guruhlar. Muallif bu o'rinda 1960-1970-yillarda Xitoy rahbariyati dunyoning turli mintaqalarida xuddi shunday inqilobchi guruhlarni qurol-yarog' va mablag' bilan ta'minlab kelgani, ammo keyingi iqtisodiy islohotlar (Den Syaopin) davrida bunday tajovuzkor "inqilob eksporti" siyosatidan butunlay voz kechganini nazarda tutmoqda (Tarjimon izohi)

[13] "Qizil kxmerlar" – 1970-yillarning ikkinchi yarmida Kambodjada qonli diktatura o'rnatgan maoist ruhidagi agrar-kommunistik oqim. Xitoy mintaqada Sovet Ittifoqi ta'sirida bo'lgan Vyetnamni zaiflashtirish uchun "qizil kxmerlar"ning Vyetnamga qarshi qurolli hujumlarini rag'batlantirib kelgan. Muallif bu misol orqali, garchi Xitoy ochiq ekspansionizmdan voz kechgan bo'lsa-da, uning tashqi siyosatida boshqa davlatlar barqarorligiga rahna soluvchi yashirin geosiyosiy o'yinlar hamon saqlanib qolganiga ishora qilmoqda (Tarjimon izohi)

Javonsher Rustamov tarjimasi