Har kuni ertalab yangiliklarni o'qiymiz. Sammit, bayonot, isteʼfo, chegaradagi otishma, valyuta kursi. Kechqurun o'qiganimizning yarmini eslay olmaymiz. Ertasi kuni yana o'qiymiz.

Bu odatning ichida bitta g'alati narsa bor. Yangiliklar oqimi juda tez. Dunyo esa deyarli qimirlamaydi. Xarita o'sha-o'sha. Bir xil davlatlar bir xil joylarda bir xil narsa uchun tortishadi. Sarlavhalar har kuni yangi, muammolar esa yuz yillik.

Bu ziddiyatga eng aniq javobni fransuz tarixchisi Fernan Brodel topgan. Va uning javobi menimcha so'nggi yuz yilda tarixni tushunish usulini eng ko'p o'zgartirgan g'oyalardan biri.

Asirlikdagi kitob

Brodel 1902-yilda tug'ilgan. Ikkinchi jahon urushi boshlanganda frontga ketgan, asirga tushgan va urushning katta qismini nemis lagerida o'tkazgan. O'sha yerda, kutubxonasiz, arxivsiz, faqat xotirasiga tayanib bitta kitob yozgan. Daftarlarini vaqti-vaqti bilan ustozi Lyusen Fevrga jo'natib turgan.

Kitob 1949-yilda chiqdi: "O'rta yer dengizi va Filipp II davridagi O'rta yer dengizi dunyosi".

Sarlavhada ispan qiroli Filipp II turibdi. Lekin kitobni ochsangiz, qirolni topa olmaysiz. Birinchi qism tog'lar, tekisliklar, yaylovlar, iqlim, yomg'ir rejimi, zaytun daraxti o'sadigan chegara haqida. Ikkinchi qism iqtisod, narxlar, kumush oqimi, savdo yo'llari, jamiyat tuzilmasi haqida. Filipp II va uning urushlari faqat uchinchi, eng qisqa qismda paydo bo'ladi.

Brodel bu tartibni tasodifan tanlamagan. Kitobning tuzilishi uning nazariyasi edi.

Oksfordlik arxeolog Barri Kanliff Brodelning tarixga qo'shgan eng muhim hissasi "vaqt sikllarining o'zgaruvchan davomiyligi" tushunchasi deb yozadi. Ta'rifni aynan arxeolog berayotgani qiziq. Arxeolog yerni qatlam-qatlam qazadi va har bir qatlamning o'z vaqti borligini qo'li bilan his qiladi.

G'oyaning o'zi esa qisqa: tarix bitta tezlikda harakatlanmaydi.

Bir vaqtning o'zida kamida uchta har xil tezlikdagi tarix kechadi. Ular bir-birining ustida yotadi. Biz esa odatda faqat eng ustkisini ko'ramiz.

Brodelning uch qatlami. Har bir qatlamning o'z tezligi bor va ular bir vaqtning o'zida kechadi.

Birinchi qatlam: longue durée

Brodel eng pastki qatlamni longue durée — uzoq muddatli davr deb ataydi. Bu geografik vaqt: tog'lar, cho'llar, daryolar, dengizga chiqish yoki chiqa olmaslik, iqlim, tuproq, masofa.

Kanliff bu qatlamni "imkoniyatlar yaratadigan va cheklovlar qo'yadigan landshaftlar" deb ta'riflaydi. Iboraga e'tibor bering. Landshaft sizga nima qilishingizni buyurmaydi. U nima qilish mumkinligining chegarasini chizadi.

Bu qatlam shu qadar sekin o'zgaradiki, uning ichida yashayotgan odam o'zgarishni umuman sezmaydi. Brodel uni "deyarli harakatsiz tarix" deydi.

Bir nechta misol.

Rossiyaning g'arbida tabiiy chegara yo'q. Shimoliy Yevropa tekisligi Polshadan Moskvagacha ochiq yotadi. Bu tekislik bo'ylab Rossiya tomon bir necha bor bostirib kirilgan. Shuning uchun Rossiyaning tashqi siyosatida bufer izlash instinkti bor. Bu instinkt XXI asrda paydo bo'lmagan. U Ivan Grozniydan ham qadimiyroq. Kremlda kim o'tirishidan qat'i nazar, tekislik o'sha yerda turibdi.

Angliya orol. Orol bo'lgani uchun unga quruqlik armiyasi emas, flot kerak bo'lgan. Flot bor joyda savdo bor, savdo bor joyda boshqacha jamiyat quriladi. Va orol bo'lgani uchun Angliya uch asr davomida bitta siyosatni yuritdi: materikda hech kim juda kuchayib ketmasin. Ispaniyaga qarshi, Fransiyaga qarshi, Germaniyaga qarshi. Dushman almashdi, siyosat almashmadi.

Eron tog'lar bilan o'ralgan baland plato. Uni bosib olish qiyin, ichida esa o'zini saqlab qolgan alohida sivilizatsiya bor. Arablar bosib oldi, Eron musulmon bo'ldi, lekin fors bo'lib qoldi. Plato o'z ishini qildi.

Xitoyning shimoli quruq, janubi nam. Ikki katta daryo va ular orasidagi suvni boshqarish zarurati. Suvni boshqarish uchun markazlashgan katta davlat kerak. Xitoy tarixi ana shu zaruratning atrofida aylanadi.

Bularning birortasi sulola, mafkura yoki lider bilan bog'liq emas.

Ikkinchi qatlam: conjonctures

Ustki qatlam — Brodel conjonctures deb ataydigan o'rta muddatli sikllar. Demografiya, iqtisod, qishloq xo'jaligi, ijtimoiy hayot va siyosatdagi tizimli o'zgarishlar.

Kanliffning ta'rifi juda aniq: bular "shaxssiz va kamdan kam hollarda bir asrdan oshib ketadigan jamoaviy kuchlar".

"Shaxssiz" so'zi bu yerda kalit. Bu jarayonlarning egasi yo'q. Ularni hech kim boshlamagan, hech kim rejalashtirmagan va hech kim to'xtata olmaydi. Prezident ham, vazir ham, bank raisi ham bu to'lqinning ustida suzadi. Uni boshqarmaydi.

XIV asrda Yevropaga vabo keldi va aholining uchdan biriga yaqinini olib ketdi. Odam kamaydi, demak mehnat qimmatlashdi. Mehnat qimmatlashgach, dehqonni yerga zanjirband qilib turgan tizim yemirila boshladi. Buni hech bir qirol buyurmagan.

XVI asrda Amerikadan Ispaniyaga kumush oqib kirdi. Narxlar butun Yevropa bo'ylab ko'tarildi. Ispaniya dunyodagi eng boy imperiya bo'la turib qarzga botdi va bir necha bor to'lovga qobiliyatsiz deb e'lon qilindi. Bu Brodelning o'z mavzusi edi. Filipp II qanchalik dono yoki nodon bo'lishidan qat'i nazar, u kumush oqimini to'xtata olmasdi.

XX asrda neft asri boshlandi va butun bir mintaqaning ma'nosi o'zgardi. Fors ko'rfazi yuz yil oldin dunyo siyosatining chekkasi edi. Endi u markaz. Qum ham, qabilalar ham o'sha-o'sha. Ostidagi narsa boshqacha qadrlana boshladi.

Bu sikllar odam umridan uzun emas, lekin odam qaroridan ancha kuchli. Siz ularni yashab o'tasiz, lekin ular sizni shakllantiradi.

Uchinchi qatlam: voqealar

Eng ustki qatlamni Brodel l'histoire événementielle — voqealar tarixi deb ataydi. Saylov, sammit, isteʼfo, teraktlar, bayonotlar. OAV yoritadigan kundalik siyosiy va diplomatik tartibsizlik.

Brodel bu qatlamga deyarli nafrat bilan qaraydi. U uni "chang" deydi. "Ko'pik" deydi. Kuchli to'lqin yelkasida ko'tarilib yuradigan mavj uchi deydi.

Sababini tushunish uchun uning o'z misolini olish kerak. 1571-yil, Lepanto. Xristian flotining Usmonlilar ustidan qozongan buyuk dengiz g'alabasi. Butun Yevropa bayram qildi. Asrning eng ta'sirchan voqeasi.

Brodel esa savol beradi: keyin nima o'zgardi?

Deyarli hech narsa. Kipr Usmonlilarda qoldi. Flot bir necha yil ichida tiklandi. Dengizdagi kuchlar muvozanati o'z holicha qolaverdi. Eng buyuk g'alaba eng kam natija berdi.

Mana shu qatlamning asosiy xavfi. U eng ko'rinadigan va shuning uchun eng aldamchi. Voqea ta'sirchan bo'lgani uchun biz uni sabab deb o'ylaymiz. Ko'p hollarda esa u sabab emas, chuqurroq qatlamlarda allaqachon bo'lib o'tayotgan narsaning alomati xolos.

Dengiz

Brodel bularning hammasini bitta obrazga jamlaydi.

Dengizni tasavvur qiling. Eng tubda ulkan suv massasi sekin, sezilmas harakatlanadi va qolgan hamma narsani o'z ichiga oladi. Yuqoriroqda oqimlar, to'lqinlar, ko'tarilish va qaytishlar bor. Va nihoyat yuzada, Kanliffning so'zlari bilan aytganda, "bir lahzada paydo bo'lib, yo'q bo'lib ketadigan o'tkinchi mavjlar, ko'piklar".

Ko'pik eng shovqinli. U bizni qiziqtiradi, chunki harakatlanadi. Lekin ko'pikni tub harakatlantiradi, teskarisi emas.

Brodel longue durée va conjonctures birgalikda "asosiy tuzilmalar"ni hosil qiladi deydi. Inson hayoti ana shu tuzilmalar ichida ko'pincha ularni ko'rmasdan kechadi.

Nega bu Kaplan uchun muhim

"Geografiya qasosi"ni tarjima qilayotganimda Kaplanning butun argumenti aslida shu modelga suyanishini ko'rdim. U buni yashirmaydi ham: geografiyaning roli haqidagi barcha mulohazalari ana shu asosiy tuzilmalarning ahamiyatini ta'kidlashga qaratilganini o'zi aytadi.

Kaplanning da'vosi qisqa. Sovuq urush tugagach, G'arb elitasi mast bo'ldi. Tarix tugadi, g'oyalar g'alaba qozondi, endi demokratiya va texnologiya geografiyani bekor qiladi, deb o'ylandi. Ya'ni ular butunlay yuqori qatlamga ko'chib o'tdilar. Qarorlar, deklaratsiyalar, konferensiyalar olamiga. Ostidagi tub go'yo yo'q edi.

Keyin tub o'zini eslatdi. Bolqonda, Iroqda, Afg'onistonda. Xaritani o'qimasdan qabul qilingan qarorlar xarita tomonidan jazolandi.

Kitob sarlavhasidagi "qasos" aynan shu. Geografiya hech qayoqqa ketmagandi. U shunchaki kutib turgandi.

Buni determinizmga aylantirmaslik kerak

Bu nazariyani "geografiya taqdir" degan shiorga aylantirish oson. Va noto'g'ri.

Brodelning o'zini ham shu uchun tanqid qilishgan. Uning modelida odamga joy deyarli qolmaydi. Iroda yo'q, tasodif yo'q, jasorat ham, xatolik ham hisobga olinmaydi. Holbuki ba'zan voqea haqiqatan tuzilmani sindiradi. 1991-yilning dekabri bir necha kun ichida butun bir konyunkturani tugatdi.

Texnologiya ham tub qatlamni o'zgartiradi. Suvaysh kanali dengiz yo'llarining ma'nosini qayta yozdi. Temir yo'l quruqlikni dengizga raqobatchi qildi — Makkinder butun nazariyasini shundan boshlagan edi. Quvur liniyasi, samolyot, kabel, yadro quroli. Har biri masofaning qiymatini o'zgartirdi.

Kaplan buni "qisman determinizm" deb ataydi va men bu ta'rifni to'g'ri deb bilaman. Geografiya oxirgi so'zni aytmaydi. Lekin u birinchi so'zni aytadi. Va birinchi so'zni eshitmagan odam keyin qimmat to'laydi.

Amalda

Bu modelning eng qimmatli tomoni nazariya emas, odat.

Har qanday yangilikni ko'rganingizda uchta savol bering.

Bu voqea o'zi bir narsani o'zgartirdimi, yoki allaqachon ketayotgan o'zgarishning alomatimi?

Uning ostida qanday o'n-yigirma yillik tizimli siljish turibdi — demografiya, iqtisod, energiya, savdo tartibi?

Siyosiy sharhlarning aksariyati birinchi savolda to'xtaydi. Ba'zilari ikkinchisiga yetadi. Uchinchisini esa kamdan kam so'raladi — chunki javob sekin, zerikarli va sarlavhaga chiqmaydi.

Lekin asosiy tuzilmalar aynan o'sha yerda ko'rinadi.

Ko'pik ertaga yo'qoladi. Tub sekin harakatlanadi. Va hech qachon to'xtamaydi.