Xonadonlarga "Ibratli oila" ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlik haqidagi taxtachalarni yopishtirishdek ramziy rag‘batlantirish amaliyotining aksi o‘laroq, turli sabablarga ko‘ra mahalliy hokimiyat vakillari nazdida talablarni bajarmagan fuqarolarning eshigiga "Uyatli xonadon" yozuvli taxtachalar yopishtirish tashabbusi siyosiy-huquqiy tizimdagi jiddiy muammolarni yuzaga chiqaradi. Ushbu amaliyotni shunchaki ma'muriy tizimdagi "sallani desa kallani olib kelish" sindromi sifatida emas, balki huquqiy davlat poydevoriga tahdid soluvchi tizimli oqibatlar nuqtai nazaridan tahlil qilish lozim.
Konstitutsiyaviy huquqning fundamental tamoyillaridan biri shaxs va uning turar joyi daxlsizligidir. Xonadon faqatgina jismoniy makon emas, balki fuqaroning shaxsiy hayoti va mulkiy huquqlari kafolatlangan hudud sanaladi. Hokimlarning yoki ular vakil qilgan shaxslarning birovning uyiga o‘zboshimchalik bilan kirishi, yashash tarziga qo‘pol ravishda aralashishi yoki jarimaga tortishga urinishi — vakolatlar doirasidan chiqish hisoblanadi.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari fuqarolarga nisbatan har qanday ta'sir chorasini faqatgina qonunchilikda aniq belgilangan normalar va tartib-taomillar doirasida amalga oshirishi shart. Hech bir normativ-huquqiy hujjatda ijro organlariga fuqaroning shaxsiy mulki sirtiga uni jamiyatda kamsituvchi yorliqlarni osish huquqi berilmagan. Bu harakat ma'muriy organlar tomonidan sud hokimiyatiga tegishli bo‘lgan jazo tayinlash funksiyasining g‘ayriqonuniy o‘zlashtirilishini hamda aybsizlik presumpsiyasining buzilishini anglatadi.
Mikro darajada yuzaga kelayotgan bunday holatlar makro darajadagi siyosiy boshqaruv tizimidagi tirqishlarni ko‘rsatib beradi. Hokimiyatni tiyib turish va muvozanatlash prinsipi ishlamagan yoki zaiflashgan taqdirdagina ijro hokimiyati vakillari o‘z harakatlarining huquqiy va siyosiy oqibatlari uchun daxlsizlik hissiga tushib qoladi.
Mahalliy darajada mustaqil sud tizimining kafolatlari yetarli bo‘lmasa hamda vakillik organlari (kengashlar) ijro etuvchi apparat ustidan samarali jamoatchilik va deputatlik nazoratini o‘rnatolmasa, hokimiyatning bir qo‘lda haddan ziyod to‘planishi kuzatiladi. Buning natijasida qonun ustuvorligi emas, balki ma'muriy buyruqbozlik va shaxsiy iroda ustuvorligi shakllanadi. "Uyatli xonadon" kabi tashabbuslar bevosita ana shu muvozanatning yo‘qligi va ijro tizimining hech qanday to‘siqsiz qolganining natijasidir.
Boshqaruvda ommani qo‘rqitish va sharmanda qilish mexanizmlaridan foydalanish davlatning siyosiy axloq tamoyillariga ziddir. Demokratik va huquqiy davlatlarda ijtimoiy tartibni ta'minlash aholini marginalizatsiya qilish yoki ularni jamiyatdan ajratib qo‘yish orqali emas, qonuniylik va huquqiy madaniyatni yuksaltirish orqali amalga oshiriladi.
Hokimiyat o‘zining siyosiy irodasini jamiyatni haqorat qilish yoki kamsitish vositasida o‘tkazishga urinishi uzoq muddatda davlat institutlarining legitimligiga putur yetkazadi va ijtimoiy ishonch indeksining pasayishiga olib keladi. Qonun doirasidan tashqarida bo‘lgan har qanday qattiqqo‘llik jamiyatda tartib emas, balki huquqiy nigilizm va radikallashuvni keltirib chiqaradi.
Ijro hokimiyatining o‘zbashiımchaligi mikro darajada shaxsiy daxlsizlikning buzilishiga olib kelsa, so‘nggi oqibatda davlat boshqaruvining huquqiy poydevorini yemiruvchi kuchga aylanadi. Bunga qarshi yagona huquqiy yechim – davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatida konstitutsiyaviy qonuniylikni so‘zsiz ta'minlash, ijro hokimiyati ustidan sud va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda siyosiy axloq chegaralaridan chiqmaslikdir. Har qanday yaxshi niyat bilan qilingan ma'muriy tashabbus insonning qadr-qimmati va qonuniy huquqlarini toptash evaziga amalga oshirilishi huquqiy davlat prinsipiga mutlaqo zid harakat hisoblanadi.

